Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1000 nafardan ziyod samarqandlik ID-kartaga ega bo‘ldi

Joriy yilning 4 yanvaridan biometrik pasport o‘rniga ID-kartalar berila boshladi. Viloyatimizda Samarqand shahriga 3 ta, Urgut tumaniga 2 ta, boshqa shahar va tumanlarga bittadan zamonaviy maxsus qurilmalar keltirildi. Ular yordamida fuqarolarga shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalar  rasmiylashtirilmoqda.

O‘tgan bir hafta davomida viloyatdagi tuman hamda shahar migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga  murojaat qilgan 1088 nafar fuqaro ID-kartaga ega bo‘ldi.

- ID-kartalarni olish uchun hech qanday maxsus hujjat talab etilmaydi, - deydi Samarqand shahar ichki ishlar organlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Olim Norqulov. - Faqat pasport, ariza va davlat boji – bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi (198 470 so‘m) to‘lanishi lozim. Birinchi marta pasport olish uchun murojaat qilgan yoshlar bo‘lsa, ariza, tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, otasi yoki onasining pasporti nusxasini taqdim etadi, ID-kartalarni bir ish kunida olish imkoniyati mavjud. Shu kungacha bo‘limimizdagi 2 ta hamda shahar ichki ishlar organlarini faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga keltirilgan 1 ta maxsus qurilma yordamida 500 nafardan ziyod samarqandlik fuqarolarga  ID-kartalar berildi.

To‘lqin Siddiqov.