Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

11-sinf o‘quvchilari 8 ta fandan imtihon topshiradi: Oltin medal kimlarga beriladi?

2017-2018 o‘quv yilidan 11 yillik ta’limga qaytildi. Shu tarzda bu yil maktablarimizni 11-sinf o‘quvchilari bitiradi.

– Viloyatimizdagi 1214 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olayotgan 678 ming 624 nafar o‘quvchining 30 ming 387 nafari 11-sinfni bitiradi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bo‘limi mutaxassisi Erkin Bekbo‘tayev. – Ular 8 ta fan bo‘yicha sinovdan o‘tkaziladi. Joriy yilning 25 mayiga qadar jismoniy tarbiya fanidan yakuniy nazorat imtihonlari nihoyasiga yetadi. Bitiruvchilar 25 maydan 10 iyunga qadar ona tili va adabiyot, matematika, fizika, tarix, biologiya hamda davlat tili (ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda), chet tili, (ingliz, fransuz, nemis) fanidan imtihon topshiradi va bu sinovlardan o‘tgan o‘quvchilar 11-sinfni bitirganlik to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘ladi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktabini quyidagi tartibda tugatgan o‘quvchilarga oltin va kumush medallari beriladi:

Oltin medal – umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, 10 va 11-sinflarda barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida hamma fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga;

Kumush medal – umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, 10 va 11-sinflarida yoki akademik litseylarning barcha kurslarida hamma fanlardan yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga.

Abdujabbor Po‘latov.