Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Baxshida tug‘ma iste’dod, ichki bir ovoz bo‘lishi kerak

Samarqand zaminida ulg‘aygan Islom shoir, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh va Po‘lkan shoirlar o‘ziga xos baxshichilik maktabini yaratgan. Bugun ularning izdoshlari bu baxshilarning merosini o‘rganib, xalqimizning boy og‘zaki ijodini kuylab kelmoqda. Shulardan biri Past darg‘omlik Ahror baxshi Pardayevdir.

- Baxshichilik menga ota meros, - deydi Ahror baxshi. – Bobomning otalari Parda baxshi xalq dardini kuylagan kishi bo‘lgan. Aslida baxshichilik san’ati Samarqandda rivojlangan, sayqal topgan. Ammo e’tibor yo‘qligi sabab keyingi yillar bu unutilayotgan san’at turlaridan biriga aylandi. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining to‘ylari baxshilarsiz o‘tmaydi. Shungami bu hududlarda baxshichilik ancha rivojlangan. O‘zim ham surxondaryolik Shoberdi Boltayev hamda narpaylik Ziyodulla baxshilardan termalar aytish, do‘mbiraga jo‘r bo‘lishni o‘rganganman.

Ahror Pardayev bugungi kunda Past Darg‘om tumanidagi 32-bolalar musiqa  va san’at maktabida baxshichilik yo‘nalishida saboq beradi. 7 nafar shogirdi baxshilarimiz tomonidan kuylangan termalarni qayta ishlab kuylamoqda.

- Bulung‘urlik Fozil baxshining do‘mbirasi unga doim hamroh bo‘lgan ekan, – deydi Ahror baxshi. – Davralarda Alpomishdan, Go‘ro‘g‘lidan parchalar aytib, xalq orasidagi nohaqliklarni kuyga solib kuylagan. Isde’dodli baxshi sizga qarab ham termalar yozishi mumkin. Asosiysi kishida tug‘ma iste’dod, ichki bir ovoz bo‘lishi lozim. O‘quvchilarni saralashda aynan ularning ovoziga e’tibor beraman. Agar ovoz bo‘lmasa, ming o‘rganib ham kerakli natijaga erisholmasiz. Shogirdlarimning har birida o‘ziga xos va mos ovoz bor. Ko‘rib turganingizdek, do‘mbirada notalar chizig‘i yo‘q. Baxshi do‘mbiraning qay yerida qaysi nota joylashligini, qanday ohang yaralishini biladi, qo‘li esa shunga yarasha harakatlanadi.

Bugun baxshichilikni rivojlantirish, yanada sayqal toptirish, yo‘qolib ketayotgan termalarimizni qayta tiklashga katta e’tibor berilyapti. Bu unutilayotgan milliy baxshichilik san’atimizning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.