Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bir siqim tuproq yoki biz bugun anglamayotgan fojia

Qadimgi faylasuflar borliq to‘rt unsurdan iborat deb hisoblashgan. Bu dadil materialistik qarash Aristoteldan boshlangan. U tabiatda mavjud narsalarning bari tuproq, suv, havo, olov  va bo‘shliqdan iborat deb yozadi. Bu fikr asriy bahslarga sabab bo‘lgan. Sharqning buyuk olimi Forobiy esa bu muqaddas mavjudotlar faqat tuproq, havo, suv va olov deb biladi.

Har qanday sharoitda ham tuproqni birinchi o‘ringa qo‘yishgani kamina uchun hamon jumboq. Ehtimol, inson tuproqdan yaralib, tuproqqa ketishi nazarda tutilgandir yoki tirik mavjudot tuproq tufayli tirikligi hisobga olingandir...

Afsuski, tuproqning unumdor qatlami juda yupqa bo‘ladi. Bizga rizqu ro‘z ato etadigan qatlam 10-40 santimetrdan oshmaydi. “Onalik qatlam” deb nomlanadigan pastki qavat esa hosil bermaydi. O‘simlik ildiziga e’tibor bering: u yon tomonga qarab tarvaqaylaydi. Chuqurlikka ketmaydi: u yerda hech qanaqa mineral yo‘q. Ana shu yupqa qatlamni saqlash, boyitish, kelajak avlod oldidagi burchimiz ekanligi haqida so‘z yuritmoqchiman.

Matbuot va majlislarda bot-bot: “Yerning egasi kim?” degan dabdabali savollar ko‘ndalang qilib qo‘yiladi. Va, ko‘pchilik o‘z manfaatidan yoki tarqoq tasavvuridan kelib chiqib, javob beradi. “Yerning egasi dehqon, fermer yoki hokimiyat”... va hakozo. Karl Marks ta’biri bilan aytganda, “Biz yerning sohibi emas, undan vaqtincha foydalanuvchi ijarachilarmiz”. Zaminning o‘sha yuza qatlami insonning asrlar davomida olib borilgan faoliyati samarasidir.

Chet ellarda bo‘lganimda, o‘sha yurt tuprog‘ini hovuchimga olib qaraydigan odatim bor. Ko‘p o‘lkalarda tuproq serqum, sho‘rlangan, qashshoq ekanligiga guvoh bo‘laman. Xuddi javdar nonning mag‘zini eslatadigan serhosil tuproq esa bizning qadimdan dehqonchilik qilinadigan mintaqalarimizda serob va bu bizning baxtimizdir. Bir qator mamlakatlarda iqlim o‘ta sovuq yoki issiq, suv haddan tashqari ko‘p yoki doimiy qurg‘oqchilik. Tuproq esa yaxlit tirik organizm. Unda ko‘plab mikroorganizmlar, hasharotlar yashaydi. Ularga esa normal namlik, harorat kerak. Buning ustiga ishlov berilgan, o‘g‘itlangan zaminda ular o‘zini yaxshi  his etadi. Madomiki, tuproq tirik organizm ekan, u nobud ham bo‘ladi. Insonning jaholati oqibatida katta maydondagi zamin botqoqqa aylanadi, sho‘rlanadi, aniqrog‘i o‘ladi.

Gurjilarning “Soldat otasi” filmi men qadrlaydigan kartinalardan biri. Urush, otishmalar davom etyapti, bosh qahramon Maxarashvili bir siqim tuproqni hovuchiga olib, sherigini turtadi. “Hey, buni qara, tuproq: urushni qo‘y, ekinni ek, vaqt bo‘ldi, deyapti”, deydi. Keyin esa tokzorni yanchib ketayotgan tankchini giribonidan oladi.

Nachora, inson azal-azaldan yerga mehr ko‘rsatish o‘rniga, uni bir-birining qoni bilan sug‘orishdan tiyilmayapti.

Bayram kunlari Moskvadagi Qizil maydondan ajal qurollari - zihrli tankalar, raketalarni namoyish qilib olib o‘tishganini ko‘rganmisiz. Lekin oddiy plug va traktorni, yerga ishlov berib, uni yumshatadigan va oxir oqibat, insonga non-nasiba ulashadigan vositalarni namoyish etishmaydi. Vaholanki, hozirgi yerga ishlov beradigan texnikalar juda mukammal. Ular tuproqni qirq santimetrgacha yumshata oladi. O‘sha “onalik qatlam”dan bir necha santimetrni yuqoriga olib, uni unumdor tuproqqa aralashtiradi.

Qadimgi faylasuflar behudaga tuproqni muqaddas hisoblashmagan. Afg‘onistondan kelgan mehmon sellofan xaltaga tuproq olib ketgani yodimda. “Dadam bir zamonlar shu yurtlardan borib qolganlar, u kishi o‘lsam, qabrimga vatan tuprog‘idan tashlanglar”, deb vasiyat qilganlar”, degandi u.

Bobolarimiz juda qadim zamonlarda cho‘yan, temir eritishni o‘rganishgan va undan eng avvalo, urush qurollari emas, yerga ishlov beradigan ashyolar yasashgan, omochga tish quyishni o‘zlashtirishgan. Madomiki, ular, ana shu vositalar tufayli bizga unumdor tuproq qoldirgan ekan, biz bu burchimizni uddalayapmizmi?

Tirnoqning yuziday joydan bir tup bug‘doy o‘nadi, keyin u tublanadi. Ya’ni, yonidan tag‘in uch-to‘rtta poya unib chiqadi. Ularning boshog‘idan naq bir burda non chiqadi (bug‘doyning vatani Iroq. Bizda asrlar davomida javdar, arpa, makkajo‘xori donidan non pishirishgan. Bug‘doy non faqat boylarga nasib etgan).

Tirnoqning yuzidek joydan... Unday bo‘lsa, bir kvadrat metrdan, bir sotixdan yoki gektardan chiqadigan hosildan qancha non yopish mumkin? Shunday bo‘lsa, nechun yer yuzida hamon bir burda nonga zorlar yetib ortadi? Zero, inson faqat non bilan tirik emas. Unga meva, sabzavot, sut-qatiq, kiyim-kechak ham zarur. Bularning barini tuproq beradi. Shuning uchun ham uni sevish, e’zozlash shart.

Bizda o‘tgan asrning 1960-1990 yillari oralig‘ida 10 ming gektarlab ekin maydonlari sho‘rlandi va ishdan chiqdi. Moskvaga paxta kerak edi, bizning rahbarlarga esa orden va medallar... Melioratsiya ishlari amalga oshirilmadi, zovurlar qazilmadi, almashlab ekish joriy etilmadi.

Bu yo‘qotishning ko‘lami Orolning qurishidan kam emas. Bu zaminni endi avvalgi holiga keltirib bo‘lmaydi. Qishda sho‘r yuvilib, suv qochirilsa, ko‘pi bilan ikki yil hosil olish mumkin. Keyin tag‘in o‘sha ahvol. Hosil ham cho‘g‘dagiday bo‘lmaydi. Mikroorganizmlarning aksariyati nobud bo‘lgani oqibatida tuproq zichlashadi va hosil kamayib ketadi, tannarx osmonga sapchiydi.

Birgina shu emas, o‘sha muddatda million kubometrlab yerosti suvlari sho‘rlandi. Endi uni hech qanaqa ilg‘or texnologiya, innovatsiya, investitsiya bilan ham o‘z holiga keltirib bo‘lmaydi. Bu suv na ichishga yaraydi va na sug‘orishga. Mana, oqibat!

Ko‘z o‘ngimizda o‘lkan fojia yuz berdi. Bu mislsiz jinoyat uchun hech kim javob bermadi ham. Biz esa o‘z xatolarimiz haqida gapirishni yoqtirmaydigan xalqmiz... Lekin kelajak avlod (nabira, evara, chevalarimiz)ning qarg‘ishi o‘sha gunohkorlarni qabrda ham tinch qo‘ymaydi, degan yupanchdan tasalli topadi dilim.

Zero, endilikda qo‘limizdan hech narcha kelmaydi ham. Men boshim yerga tekkuncha egilib, kelajak avloddan kechirim so‘rab, tavba tazarru qilaolaman, xolos.

Qo‘limdan keladigani shu!

Nusrat RAHMAT.