Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bog‘chalarda bolalarga qay tartibda ovqat tayyorlanyapti?

Ko‘p va xo‘p ta’kidlanayotgani, bu borada aniqlangan kamchiliklarga keskin choralari ko‘rilayotganiga qaramay maktabgacha ta’lim muassasalarida hamon oziq-ovqat mahsulotlaridan urib qolish, taomlarni sanitariya talablari zid holda tayyorlash holatlari uchrab turibdi.

Shu bois bu masala dushanba kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida keng muhokama etilgan.

Majlisda mas’uliyatsizlik, o‘zganing haqidan hazar qilmaslik, qolaversa, tizim mutasaddilarining bu masalaga hamon befarqligi oqibatida bolalar bog‘chalarida taomlar belgilangan normada tayyorlanmayotgani aloxida ta’kidlangan.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-maktabgacha ta’lim muassasasida ovqat mahsulotlari sifatini kafolatlovchi hujjatlar yo‘q. 2-maktabgacha ta’lim muassasasida ham shunday holat. Kamiga shakar mahsuloti sanitariya qoidalariga zid ravishda usti ochiq holda saqlangan. Sifatsiz piyoz va kartoshkani bolalarga berishga na mudira, na oshpazning vijdoni qiynalyapti.

17-maktabgacha ta’lim muassasasida esa kafolotlovchi hujjatlari yo‘q oziq-ovqat mahsulotlari muzlatkichda antisanitariya holatda saqlab kelingan.

Viloyat ishchi guruhi Samarqand tumanidagi 18-maktabgacha ta’lim mussasasining quvvati 200 nafarga mo‘ljallangan bo‘lsa-da 253 nafar bola tarbiyalanayotganini aniqlagan. Oshpazlardan 10 kilogramm go‘shtdan ovqat tayyorlashayotgan bo‘lsa-da belgilangan talabga ko‘ra, yana 15 kilogramm go‘sht nima uchun qozonga solinmaganiga javob berisholmagan.

Shuningdek, 11-maktabgacha ta’lim muassasasida 64 nafar bolaga 6,4 kilogramm o‘rniga 4 kilogramm go‘sht solib, taom tayyorlangan.

Narpay tumanidagi 32-maktabgacha ta’lim muassasasining oshxonasida idish-tovoqlarni yuvish uchun ham sharoit yo‘qligiga mutasaddilar hamon beparvo qarab kelmokda. Omborxona tozalanmagan. Bu yerda saqlanadigan kartoshka va piyoz mahsulotlari sifati buzilgan.

64-maktabgacha ta’lim muassasasi omborxonasida qo‘lansa hid anqib turibdi. Oshxonada idish-tovoqlarni yuvish uchun sharoit yaratilmagan.

Kattaqo‘rg‘on shahar 19-maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga sariyog‘ o‘rniga qo‘l bola margarin mahsuloti berilayotganiga nima deyish mumkin.

Ishtixon tumanidagi 13-maktabgacha ta’lim muassasasi kafolatlovchi hujjatlari bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanilayotgan bo‘lsa, 20-maktabgacha ta’lim muassasasida oqova suvlari (chiqindisi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri muassasa hududiga, bolalar cho‘miladigan havza yoniga oqizilmoqda.

Bulung‘ur tumanidagi 9-maktabgacha ta’lim muassasasi hamshirasi taomning sifatini qayd etish daftariga namuna olmasdan “sifatli, ruxsat” deb yozib qo‘ygan. Ishchi guruh o‘rgangan vaqtda taomnoma 169 nafar tarbiyalanuvchiga tuzilgan bo‘lsa-da lekin muassasada 172 nafar borligi aniqlangan.

Tabiiy savol tug‘iladi: 3 nafar bolaning oziq-ovqat mahsulotlari qayoqqa ketdi? Bundan kim manfaatdor?

Viloyat ishchi guruhi 10-maktabgacha ta’lim muassasasida shaxsiy uy kiyimlaridagi oshpazlar 4-5 kunlik go‘shtdan taom tayyorlashayotganiga guvoh bo‘lgan. Iyul oyidagi 4 kunlik taomnomada bolalar soni ko‘rsatilmagan. Maqsad-muddao va sabab nima bo‘lganligini hech kim aytib berolmagan.

Urgut tumanidagi 21-maktabgacha ta’lim muassasasida tayyorlanayotgan ovqatga 90 nafar bola uchun 9 o‘rniga 8 kilogramm go‘sht solingan.

Yig‘ilishda aniqlangan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan keskin choralari ko‘rish belgilangan.

Yo.Gadoyev.