Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlari oshirildimi?

Prezidentimiz 2019 yil 1 noyabr kuni Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Bojxona ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi.

Qonunda bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlarini oshirish nazarda tutilgan. Xususan, jarima sanksiyalarining oshirilishi huquqbuzarliklarning quyidagi turlariga nisbatan qo‘llaniladi:

⚫ tovarlar, transport vositalari va ularning hujjatlarini bojxona organi ruxsatisiz berish, ularni yo‘qotish yoki yetkazib bermaslik;

⚫ bojxona rasmiylashtiruvi tugallanmagan tovarlar va transport vositalarini tasarruf etish;

⚫ bojxona nazorati ostidagi tovarlar yuklangan transport vositalari yukxonasini qonunga xilof ravishda ochish;

⚫ tovarlar va transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqmaslik yoki ularni ushbu hududga qaytarib olib kirmaslik.

Shu bilan birga, Qonunda mamlakatimizga ilgari olib kirilgan tovarlar va transport vositalarini olib chiqmaganlik uchun ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan so‘ng ularni 30 kun muddatda olib chiqmaganlik uchun tovar va transport vositalarini musodara qilish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 227(1)–227(27)-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun transport vositalarini ushlash va ko‘zdan kechirishga doir bojxona organlari mansabdor shaxslarining huquqi mustahkamlangan.

Ta’kidlash joizki, Qonunning qabul qilinishi qonun ustuvorligini ta’minlashga, shuningdek, tovarlarni bojxona chegarasidan olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslar javobgarligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Nigora RABBIMOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi.