Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Buxoroda avtohalokatga uchragan tojikistonliklarga tibbiy yordam ko‘rsatildi

Kecha Jondor tumanidan o‘tuvchi “A-380” avtomobil yo‘lining 368-kilometrida harakatlanib borayotgan, Tojikiston Respublikasi fuqarosiga tegishli “Mers-Spirinter” rusumli mikroavtobus ag‘darilib, yo‘l transport hodisasi ro‘y bergani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, hodisaga mikroavtobusning orqa o‘ng shinasi yorilib ketishi sabab qilib ko‘rsatilgan. Avtobus salonida 2 nafar haydovchi hamda 16 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

Bugungi aniq tafsilotlarga ko‘ra, yo‘l transport hodisasi kecha soat 14:55 da sodir bo‘lgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga xabar yetkazilgach, soat 15:00 da 8 ta tez yordam mashinasi yo‘lga chiqqan. Jondor tumanidan o‘tuvchi “A-380” avtomobil yo‘lida nosozlik borligi sabab avtohalokat sodir bo‘lgan 60 kilometr uzoqlikdagi masofaga tez yordam mashinasi soat 15:30 da yetib borgan.

Avtobusda bo‘lgan 18 kishining 8 nafari yengil va 1 nafari o‘ta og‘ir jarohat olgan. Yo‘l transport hodisasi natijasida turli darajada jarohatlangan 9 nafar fuqaro Romitan tumani Gazli shaharchasidagi tibbiyot bo‘limiga olib borilgan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgach, barcha bemorlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelingan.

O‘ta og‘ir jarohat olgan Zokirjon Latifzoda Gulmaxmad 1990 yilda Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan. Og‘ir koma holatda yotgan bemorga miya shikastlanishi, yopiq orqa miya jarohati,  Servikal vertebraning S2 tananing yopiq transdental sinishi, yumshoq to‘qimalar va tananing bosh terisi, shuningdek, oyoq-qo‘llarning yorilishi tashxisi qo‘yilgan. Ko‘rik davomida bemorda o‘pka sil kasalligi tashxisining ham ko‘ringani uning o‘ta og‘ir sharoitlarda mehnat qilganini ham anglatadi. Ayni paytda bu bemor ustida tibbiy muolajalar olib borilmoqda.

Buxoro viloyat sog‘likni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Narziyevning bildirishicha, bir kecha-kunduzda bemorlarga barcha tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan. 20 ga yaqin tajribali shifokor va hamshiralar xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Yangi kiyim-bosh hamda oziq-ovqat bilan ta’minlangan.

- O‘zbekistonliklar yurtdan yiroqda halokatga uchraganimizni sezdirishmadi. Bugun avtohalokatda o‘ta og‘ir jarohatlangan bir sherigimizdan tashqari, hammamiz Tojikiston sari yo‘l olyapmiz. O‘zimiz uchun alohida mikroavtobus, yuklarimiz uchun alohida avtomashina ajratilib, Tojikiston chegarasigacha yo‘l patrul xizmati ham yo‘lga qo‘yildi. Bir nafar tajribali shifokor ham bizga hamroh bo‘lib ketayapti. Oilamiz bag‘riga sog‘-salomat yetib borishimizni ta’minlagan, chin dildan do‘stona ko‘magini ayamagan o‘zbekistonliklarga va shifokorlarga tashakkurimizni bildiramiz,- dedi tojikistonlik yo‘lovchi Qutbiddin Mizrobov.

Eslatib o‘tamiz, yo‘lovchilarning barchasi Rossiya Federatsiyasiga borgan migrantlar bo‘lib, Moskva shahridan yo‘lga chiqqan va O‘zbekiston Respublikasi orqali Tojikistonga o‘tmoqchi bo‘lishgan.

Holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

R/S: Joriy yilning 4 avgust kuni xuddi shu yo‘lda Buxoroda “Olmaota—Nukus” yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobus ag‘darilib ketgan edi.