Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputatlar nima uchun xizmat mashinalaridan voz kechdi?

Deputat deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida shinam, konditsionerli, xonada o‘tiruvchi, majlislardan bo‘shamaydigan, xizmat avtomashinasida yuruvchi biroz qorindor va kibrli shaxslar gavdalanadi.

Qolganlarni bilmadigu, ammo “Adolat” SDPdan saylangan deputatlar unday emas. Ularning faqat 4 devor ichida o‘tirib, fuqarolarning taqdirini hal qiluvchi qonunlarga behafsala qo‘l ko‘tarib o‘tirish davri allaqachon o‘tib bo‘lgan. Hozir partiyadan saylangan deputatlarning asosiy vaqti xalq bilan, ularning orasida o‘tmoqda. Misol uchun, “Adolat” SDP fraksiyasidan iborat ishchi guruh a’zolari xizmat avtomashinalaridan voz kechib, jamoat transportidan foydalanishmoqda. Maqsad jamoat transportida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati, mutasaddilar tomonidan taqdim etilayotgan bir-biridan go‘zal raqamlar va islohotlarning asl hayotimizga qanchalik mosligini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Bu haqda keng ommani xabardor qilish va xalqimizdan fikrlar olish maqsadida o‘rganishlar boshlanishidan oldin ham rasmiy saytlarda va ijtimoiy tarmoqlarda xabar bergan edik. O‘rganish natijalariga ko‘ra, sohada qator yechimini kutib turgan muammolar mavjudligi aniqlandi.

0,4 foiz kammi yoki ko‘p?

Metropoliten va avtobuslarning bir kunlik yo‘lovchilarining 0,4 foizigina elektron transport kartalaridan foydalanmoqda.

Ma’lumki, hukumatning qaroriga muvofiq joriy yil 1 yanvardan boshlab «Toshshahartransxizmat» AJ va «Toshkent metropoliteni» UKning yo‘nalishlarida ko‘rsatilgan yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun yo‘l kira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimining joriy etilishi belgilangan edi.

Statistik ma’lumotlarga asosan Toshkent shahrida kun davomida avtobuslardan o‘rtacha bir kun davomida 600 mingdan ko‘p yo‘lovchi, metropolitendan esa 250 mingdan ko‘p yo‘lovchi foydalanmoqda. Qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘tgan ikki oy davomida jami 3325 ta (1375 dona avtobus kartalari, 1950 dona metropoliten) kartalari sotilgan.

Qulaylik uchun chiqarilgan transport kartalarining noqulayliklari

Yo‘lovchilar uchun transport kartadan foydalanishda bir qator muammolar yuzaga kelmoqda:

a) transportdan foydalanish jarayonida avtomatik to‘lov tizimini qo‘llash jozibadorligi mavjud emas, ya’ni aholining keng ommasida transport kartalaridan foydalanish o‘rniga, naqd pul mablag‘lari va jetonlardan foydalanish holatlari katta miqdorni tashkil etmoqda;

b) transport kartalarni to‘ldirish bilan bog‘liq bo‘lgan texnik muammolar, ya’ni mobil ilovalar bilan integratsiya jarayoni o‘z nihoyasi yetmagan;

v) mobil va statsionar validatorlarning kam miqdor o‘rnatilganligi sababli kunning tig‘iz vaqtlarida jamoat transportida tirbandliklarni yuzaga kelishi;

g) agarda siz kartangiz orqali yaqin tanishingiz yoki oila a’zolaringizdan biriga to‘lov qilmoqchi bo‘lsangiz, to‘lovlar orasida 6 daqiqa bo‘lishi lozim. Ya’ni, tushayotganingizda ikki kishiga to‘lov qilsangiz, kartangizdan to‘lovni qabul qilish uchun bir avtobus odam 6 daqiqa davomida sizni kutib turishi lozim.

Elektron tablolar qayoqqa yo‘qoldi?

Hukumatning tegishli qaroriga asosan «Toshshahartransxizmat» AJ tasarrufidagi transport vositalarining harakatlanish jadvalini onlayn tartibda kuzatish imkonini beruvchi elektron tablolarni o‘rnatish rejalashtirilgan. Bir muddat avval Toshkent shahri bo‘yicha bekatlarda avtobuslar harakatlanish jadvalini ko‘rsatib beruvchi tablolarni o‘rnatish ishlari boshlanib ketgan edi.

Afsuski, bekatlarni elektron tablolar bilan jihozlash ishlari to‘xtatildi. Avval o‘rnatilgan tablolar o‘chirilgan holatda yoki batamom

o‘z o‘rnidan demontaj qilingani aniqlandi.

Hozirgi kunda Toshkent shahri bo‘yicha sanoqli elektron tablolar mavjudligi ishchi guruh tomonidan aniqlandi. Mas’ullar tomonidan

bu muammoni mobil ilovalar yordamida qisman yechilayotgani ta’kidlandi.

Yo‘lovchining emas haydovchining xohishiga qarab ishlovchi dasturlar

Mobil ilovalar ishini tekshirish natijasi ham bir qator muammolarni yuzaga chiqishiga sabab bo‘ldi. Aniqrog‘i mobil ilova faqatgina avtobuslarda GPS tizimi faol bo‘lgandagina, avtobus harakatlanish vaqtini ko‘rsatishi, haydovchilar tomonidan GPS tizimi faol bo‘lmagan (o‘chirilgan holatida) ilova mutlaqo ishlamasligi aniqlandi.

Mas’ullar tomonidan soat 19:00 dan 21:30 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida GPS tizimini o‘chirib qo‘ygan haydovchilarga nisbatan qanday chora ko‘rilishi yuzasidan aniq ma’lumotlar berilmadi. Bu vaziyatga agarda yo‘lovchi soat

21:00 da bekatga kelib navbatdagi avtobusni 60 daqiqa yoki undan ham ko‘p vaqt davomida kutib qolish holatlari ham kuzatildi.

Endi nima qilamiz?

“Adolat” SDP ishchi guruhi yuqoridagi masalalar yuzasidan mahalliy sharoitni va xorij tajribasini o‘rgangan holda quyidagilarni taklif etadi.

Birinchidan, transport kartalardan foydalanish jozibadorligini oshirish uchun vaqtga biriktirilgan differensial tarif paketlarini joriy etish taklif etilmoqda.

Masalan, Qoraqamishdan Sergeliga yo‘lga chiqqan fuqaro 3 ta yoki 4 ta avtobusga chiqishi lozim. Hozirda nechtasiga chiqishidan qat’iy nazar har bir yo‘nalishga 1400 so‘mdan to‘laydi. Bunday holatda fuqarolarimiz yo‘nalishli taksi yoki yengil avtomashina orqali borishni ma’qul ko‘rishadi. Shuning uchun ikki soat vaqt oralig‘ida quyidagi imtiyozlarni berish lozim.

Birinchi marta transportda harakatlanish uchun yo‘l kira 1400 so‘m, ikkinchi martasiga 1100 so‘m,  uchinchi martasiga 800 so‘m, to‘rtinchisiga 500 so‘m, keyingi harakatlanish uchun esa bepul bo‘lishi lozim.

Ushbu tarif paketlarini joriy etish orqali aholini elektron to‘lov tizimiga o‘tishi va jamoat transportidan ko‘proq foydalanishiga rag‘batlantiradi.

Ikkinchidan, avtomatlashtirilgan tizim orqali yo‘l kira to‘lash muddatlari orasidagi 6 daqiqalik vaqt intervalini ham qayta ko‘rib chiqish yoki umuman olib tashlash lozim.

Uchinchidan, barcha aholi qatlamida avtobuslar harakatini ko‘rsatuvchi mobil ilovalardan foydalanish imkoni mavjud emasligi hisobga olinishi zarur deb uylaymiz. Ya’ni, yirik avtobus bekatlarida yo‘nalishlar harakati jadvalini ko‘rsatib turuvchi elektron tablolar bilan jihozlash hamda buning uchun sarflanadigan moliyalashtirish mablag‘larini shaffoflashtirish lozim.

To‘rtinchidan, haydovchilar tomonidan ko‘proq odam olish va raqobat tufayli GPS tizimini o‘chirib qo‘ygan haydovchilarga nisbatan belgilangan tartibda qat’iy chora ko‘rish zarur deb hisoblaymiz.

Ko‘rib turganingizdek, yuqoridagi takliflarimizning hech biri uddalab bo‘lmas topshiriq yoki samoviy fikr emas. Barchasi xorij davlatlar va yaqin qo‘shnilarimizda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan va yo‘lovchilar, xalq manfaatiga xizmat qiladigan qulayliklar yaratishni ko‘zda tutgan.

Mazkur muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan muloqot qilganimizda, ular beriladigan barcha takliflar uchun ochiq ekanliklarini va yo‘lovchiga yengillik beruvchi takliflarni hayotga tatbiq etishga harakat qilishlarini ta’kidladilar. Harakatning qanchalik samara berish yoki bermasligini esa vaqt ko‘rsatadi.

Umid qilamizki, yaqin orada jamoat transportlarimizda yurishga nafaqat aholi, balki xizmat mashinasida yuruvchi rahbarlar, deputatlar ham ishqiboz bo‘lib qolishadi.

Dilshod HAMZAYeV,Muxammad VALIYeV,Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari.