Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Donguz” poligonidagi harbiy shaharchaga davlatimiz bayrog‘i o‘rnatildi

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat vakillarimiz 16-21 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Markaz–2019” strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarida ishtirok etadi.

Hamyurtlarimiz ushbu harbiy strategik mashg‘ulotlarda qatnashish uchun Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyatidagi “Donguz” poligonida qad ko‘targan vaqtinchalik harbiy shaharchaga yetib borib, o‘zlari uchun ajratilgan chodirlarga joylashdi. U yerga davlatimiz bayrog‘i o‘rnatildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, kun tartibi bo‘yicha harakat qilayotgan vakillarimiz birinchi kuni o‘zlari uchun ajaratilgan hududni ko‘zdan kechirib, dala sharoitida yaratilgan harbiy shaharcha bilan tanishdi. Guruh rahbarlari tomonidan yana bir bor texnika xavfsizlik qoidalari eslatib o‘tildi.

O‘sha kuni harbiy oshpazlarimiz tomonidan o‘zbek milliy taomi – osh damlandi. Ta’kidlash joizki, harbiy oshpazlarimiz palovxonto‘rani yurtimizdan keltirilgan masalliqlardan tayyorlashdi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarida sakkiz mamlakat – Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning harbiy guruhlari ishtirok etadi.