Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyo ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan oliygoh

Mamlakatimiz ilm-fani va madaniyati jahonga tanilishida Samarqand davlat universitetining o‘rni beqiyos. SamDU Markaziy Osiyodagi eng qadimgi va yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida rasman XX asrning boshlaridan faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, uning tarixiy ildizlari Mirzo Ulug‘bek davriga — Mirzo Ulug‘bek Oliy madrasasiga borib taqaladi (XV asr). Dunyo ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan bu oliygoh o‘sha davrlarda olamda tengi yo‘q Rasadxonasi, Temuriylar nomi bilan mashhur yirik kutubxonasi bilan jahonga dong‘i ketganligi bugun hech kimga sir emas.

Men o‘zimning «Temuriylar kutubxonasining siri» (“Yangi asr avlodi, 2016 yil) nomli detektiv qissam orqali Sulton Mirzo Ulug‘bekning shaxsan o‘zi mudirlik qilgan ana shu mashhur kutubxona, uning tashkil topishi, kitob fondining boyitilishi va nihoyat uning jaholat va xurofot kuchlari tomonidan yo‘q qilinishining oldini olish maqsadida podshohning topshirig‘i bilan Ali Qushchi tomonidan yashirilishi bilan bog‘liq tarixiy voqealarga jamoatchilik e’tiborini qaratib, Padarkush tog‘i bag‘rida yashirinib yotgan ushbu bebaho kutubxonani izlab topish masalasini ko‘targandim...

Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi buyuk allomalar tomonidan bunyod etilgan bu ulkan ilm daraxti besh yuz yil davomida necha marta chopildi, shoxlariga necha bora bolta urildi. Ammo uning baquvvat, uchi irfon suviga borib yetgan tomirini quritish hech kimning qo‘lidan kelmadi. Va nihoyat o‘tgan asrning 20-yillarida ana shu yo‘g‘on tomirlar ustida yangi dorilfunun barpo etildi.

Bu muborak ta’lim dargohi o‘zining faoliyati davomida bir necha yuz minglab yuqori malakali mutaxassislarni yetkazib berdi. Ibrohim Mo‘minov, Sulton Umarov, Ubay Oripov, Yahyo G‘ulomov, Olovuddin Bahovuddinov, Vohid Abdullayev, Akbar Otaxo‘jayev, Akobir Adhamov, Toshpo‘lat Shirinqulov, Boturxon Valixo‘jayev, Sayid Shermuhammedov, Shavkat Vohidov, Tolib Mo‘minov, Muxsin Ashurov kabi akademik olimlar, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Mirtemir, Usmon Nosir, Habib Yusufiy, Sharof Rashidov, Asqad Muxtor kabi o‘nlab ijodkorlar hamda davlat, madaniyat va fan arboblari mana shu universitetda voyaga yetganlar mo‘’tabar zotlarning kamgina qismi xolos.

Keyingi yillarda universitetning nufuzini yanada ko‘tarish, uning mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi xalqaro reytingini oshirish borasida katta ishlar qilinmoqda. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 iyuldagi qaroriga asosan 2018-2021 yillarda Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturda universitet oldiga mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishini ta’minlovchi fan va texnika sohalari bo‘yicha fundamental hamda amaliy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish bilan birga Markaziy Osiyo hududida faoliyat yuritgan allomalarning islom madaniyatiga qo‘shgan hissasi, ilm-fanga doir qo‘lyozmalari, nodir kitoblari va boshqa qadimiy manbalarni, chet ellik mutaxassislarning fikr-mulohazalarini o‘rganish orqali ularning ilm-fan hamda ta’lim taraqqiyotidagi o‘rni va tarixini keng targ‘ib qilish asosiy vazifalar qo‘yilgan. Shu o‘rinda yurtimiz zaminida bekinib, avlodlarini mushtoq bo‘lib kutib yotgan bebaho xazina mashhur Temuriylar kutubxonasini topish va uni o‘rganish ana shu dasturning bosh maqsadlaridan biri bo‘lishiga umid qilamiz.

Shuni alohida e’tirof etish kerakki, davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan, Samarqand davlat universitetini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Rankingof World Universities) reytingining birinchi 500 ta o‘rindagi OTM ro‘yxatiga kiritish vazifasi belgilab berildi. Bu ham universitet oldiga qo‘yilgan ulkan vazifa va yuksak ishonchdir. 2020 yil 29 aprelda oliy ta’lim faoliyati bilan bog‘liq yana bir yangilik bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan Samarqand davlat universitetlarida yuridik fakultet tashkil etilib, joriy yildan «yurisprudensiya» yo‘nalishi bo‘yicha talabalar qabul qilish boshlandi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2020 yil 26 iyundagi «Samarqand davlat universitetining 600 yillik yubileyini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori universitetning xalqaro nufuzini ko‘tarishda muhim qadam bo‘ldi. Bugun yurtimiz jamoatchiligi, ilm ahli tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olingan tarixiy qaror yangi O‘zbekiston ilm-fani, madaniyati va tarixiga yangicha qarashni shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.

Men ham ana shu ulug‘ dargohda ilm olgan ko‘p sonli bitiruvchilar nomidan dorilfununni 600 yillik qutlug‘ yoshi bilan tabriklab, yaqin yillarda uning Harvard, Oksford, Kembridj kabi salohiyatli universitetlar qatoridan o‘rin olishiga umid qilaman.

Komil Sindorov,

yuridik fanlar doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a’zosi, yozuvchi.