Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Endi Ai-80 markali benzinning chakana narxi davlat tomonidan tartibga solinmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2020 yil 4 aprelda “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, mamlakatimizda Gaz-transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish dasturining bosh rejasi ishlab chiqariladi.

2020 yil 1 iyulga qadar Neft-gaz tarmog‘i korxonalarining operatsion samaradorligini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

2020 yil 1 oktyabrga qadar neft-gaz tarmog‘idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimi joriy etiladi.

2020 yil 1 maydan boshlab Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilg‘isi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi.

Neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isini (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilg‘isini) sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, byudjet tashkilotlari, paxta xomashyosi va g‘alla ishlab chiqaruvchi fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatlari, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha davlat korxonalariga dizel yoqilg‘isi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilg‘isi) o‘tgan chorakdagi birja savdolari natijalariga ko‘ra shakllangan o‘rtacha birja narxlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida, shuningdek, ularga neftni qayta ishlash zavodlaridan neft mahsulotlarini birja savdolari orqali xarid qilish huquqini taqdim etgan holda sotiladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2020 yil 1 maydan boshlab narxlarni jahon birjalaridagi Brent nefti kotirovkalariga bog‘lab qo‘ygan holda

-  “O‘zbekneftgaz” AJ va “Sho‘rtan GKK” MChJ tomonidan sotiladigan neft va gaz kondensati uchun yangi ichki tarmoq narxlari;

- neft mahsulotlari va uglevodorodlarni import qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga neft mahsulotlari va uglevodorodlarni neft bazalarining bo‘sh sig‘imlarida saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun tariflar belgilaydi.

Yuridik shaxslar, shu jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJ neft bazalari tomonidan neft mahsulotlarini qayta sotish uchun neftni qayta ishlash zavodlaridan birja savdolari orqali sotib olish yakuniy iste’molchiga sotilganda to‘lanishi lozim bo‘lgan aksiz solig‘i hisobga olinmagan holda amalga oshiriladi. Bunda:

- ushbu yuridik shaxslarning o‘z ehtiyojlari uchun foydalanadigan neft mahsulotlari hajmi qismida aksiz solig‘i belgilangan tartibda to‘lanadi;

tabiiy gaz qazib oluvchi tashkilotlar tomonidan gazni qayta ishlash va uni utilizatsiya qilish tashkilotlariga sotiladigan tabiiy gaz hajmi yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilinadigan hajm sifatida ko‘rilmaydi.