Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov nodir shaxsiy kutubxonaga ega tarixchi olimning xonadoniga bordi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov taniqli tarixchi olim, Mahdumi A’zam Dahbediy ilmiy-tadqiqot fondi rahbari Komilxon Kattayevning xonadoniga borib, olim va uning oila a’zolarini Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.

  – Biz sizning yurtimiz tarixini o‘rganish, zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, ayniqsa, Dahbediylar ma’naviy merosini tadqiq etish borasidagi ishlaringizni yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz, – dedi E.Turdimov. – Eng nodir kitoblar jamlangan boy shaxsiy kutubxonangiz ziyosidan xalqimizni bahramand etish borasidagi ishlaringiz ham e’tirofga loyiq. Biz bu kutubxonani asrab-avaylash va uni kelgusi avlodlarga ham bezavol yetkazishingiz uchun sizni qo‘llab-quvvatlashga va yordam yordam berishga tayyormiz.

Komilxon Kattayev viloyat hokimiga shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan 200 dan ortiq nodir kitoblarni ko‘rsatdi. Qadimiy Samarqand qog‘ozida bitilgan 500-800 yillik tarixga ega Xo‘ja Ahrori Valiy maqomoti, Movaronnahrdan yetishib chiqqan allomalar, Muqimxon tarixi, Ahmad Yassaviy tariqati haqidagi va boshqa kitoblar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Viloyat hokimi ushbu kitoblarning tarjimalari bor-yo‘qligi bilan qiziqdi hamda ularni keng tadqiq etish uchun olim va uning safdoshlariga sharoit, imkoniyat yaratib berishga tayyorligini bildirdi.

Tarixchi olim viloyat hokimiga minnatdorlik bildirib, o‘z kitoblaridan tuhfa qildi.