Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yerni xususiylashtirish bizga nima beradi?

Shu paytgacha bizda yer davlatniki, hammamiz undan u yoki bu tarzda foydalanuvchi edik. 2020 yil 1 martdan kuchga kirgan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra endilikda O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarining uylari, korxonalari va boshqa mulklari joylashgan yerni xususiylashtirib olish imkoniga ega bo‘ldi.

Xususiy mulk kishiga katta ishonch beradi

Mazkur qonunga muvofiq, ko‘chmas mulk ob’yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi ariza yer uchastkasi joylashgan tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi. Mazkur ariza Yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Komissiyaning xulosasi hokimning yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki ularni xususiylashtirishni rad etish haqidagi tegishli qarorini qabul qilish uchun asos bo‘ladi. Xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun tegishli to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng 3 ish kuni ichida qabul qilinadi.

Demak, hukumatning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish masalasidagi qat’iy siyosati hamda ijtimoiy-iqtisodiy sharoit taqozosi bilan yerlarni xususiy mulk sifatida rasmiylashtirish imkoni paydo bo‘ldi. Xo‘sh, bu nima degani?

Yerni xususiylashtirishning ahamiyati ikki muhim omil orqali namoyon bo‘ladi. Birinchisi - ma’naviy omil.

Yerning xususiy mulkka aylanishi ma’naviy tomondan fuqaroga katta ishonch beradi. Xususiy yerga kishining mehri boshqacha bo‘ladi. Yer egasi o‘zini oyoqda mahkam turgandek his qiladi, uzoq kelajakka doir rejalar tuzadi va istiqbolini aniqroq ko‘ra boshlaydi. O‘z uyingizda ijarada turgandek yashamaysiz.

Ikkinchisi - iqtisodiy omil.

Hech bir ishlab chiqarish yersiz amalga oshmaydi, chunki har qanday korxona bir parcha yer ustiga joylashgan. Yer – xuddi kapital, energiya, axborot singari iqtisodiy omil. Olaylik, ishchi kuchi arzon, texnika qimmat bo‘lsa, tadbirkor qimmat texnika sotib olishdan ko‘ra ko‘proq ishchi yollashga harakat qiladi. Xuddi shunday, korxonasi qimmat yerda joylashgan bo‘lsa, uni sotib, ishni arzon yerga ko‘chirishga harakat qiladi, chunki yerning narxi ham mahsulot tannarxiga ta’sir qiladi. Demak, yer xususiylashsa, tadbirkor ham, jamiyat ham foyda ko‘radi.

Yerga kim egalik qiladi? Albatta, undan ko‘p foyda olishga qodir bo‘lgan, shu sababli yer uchun bozorda eng yuqori narx bera oladigan shaxs. Ta’kidlash joiz, u puli ko‘p bo‘lgani uchun yerni qimmat bahoga sotib olmayapti (normal sharoitda tadbirkor pulni bankdan kreditga oladi, hatto shu yerni garovga qo‘yib bo‘lsa ham), balki u shu yer uchastkasida foydali biznesni yo‘lga qo‘ya olishiga ko‘zi yetgani uchun sotib olyapti. Demak, yerga egalik yerdan foydalanuvchilarni makonda oqilona, o‘z o‘rnida joylashtirish uchun turtki bo‘ladi. Shuningdek, yer xususiy mulkka aylangach, o‘z-o‘zidan yer bozori paydo bo‘ladi, xuddi bir paytlar uy-joy xususiylashgach, uy bozori paydo bo‘lganidek. Demak, yerning haqiqiy bozor bahosi shakllanadi. Bundan tashqari, yerni garovga qo‘yish, ijaraga berish kabi imkoniyatlar paydo bo‘ladi, ya’ni yer iqtisodiy muomala ob’yektiga aylanadi.

Oddiy fuqaro hayotida nima o‘zgaradi?

Birinchi navbatda, uning xususiy mulki mustahkam himoyaga ega bo‘ladi. Bugungi “buz-qur” zamonida uy-joylarni davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yish, obod shaharlar va mahallalar qurish asnosida xususiy mulk daxlsizligi masalasi birmuncha muammoga aylangani sir emas. Odamlar yerning emas, faqat uning ustiga qurilgan binoning mulkdori bo‘lgani holda, ba’zan shu binoning ham tovon pulini ololmay sarson bo‘lyapti. Shunday sharoitda fuqarolarning mulkini himoya qilish uchun uni mustahkam zaminga bog‘lab qo‘yish imkoni paydo bo‘ldi.

Qonunda yozilishicha, xususiy yerlar faqat mulkdorning roziligi bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin. Agar yer xususiylashtirilgan bo‘lsa, endi binoning, mulkning kompensatsiyasini to‘labgina yerni davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish imkoni bo‘lmaydi. Bunda yerni mulkdordan sotib olish yoki boshqa yo‘l bilan uni rozi qilish kerak bo‘ladi. Agar rozi qilinmasa, uning yerini olib qo‘yish mumkin emas.

Qurbi yetmaganlar-chi?