Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hayot manzaralari: 1. Eng mazali non

- Bobo, qornim ochdi, - dedi nabira peshona terini yengi bilan artib. – Tushlik vaqti o‘tib boryapti…

- Ozgina qoldi, bolam, bira-to‘la tugatib qo‘yaqolaylik, - dedi kartoshka qoplayotgan bobo. – Barakalla, katta yordam qilding. Judayam ochqagan bo‘lsang, chaylada to‘rvada qotgan non bor, ivitib yeb ol!

Ishlab ishtahasi ochilgan nabira yarimta qotgan nonni suvga ivitib yeb oldi. Sal nafsi qongach, bobosining yoniga qaytib, unga ko‘maklashishga kirishdi.

- Non yeb oldingmi?

- Ha, - dedi nabira, - qotgan bo‘lsa ham juda mazali ekan.

- Ana shunaqa o‘g‘lim, mehnatning noni shirin bo‘ladi, - dedi bobo soqolini silab.

  1. Yo‘lda

G‘ani mast uyquda edi. Derazani qattiq chertilganidan uyg‘onib ketdi:

- Kim u?

- Men, Sobirman, tog‘a!

- Nima gap, tinchlikmi?

- Iltimos, mashinangizni yurgizing, keliningizni to‘lg‘oq tutib qoldi.

- Hozir, mana chiqyapman.

…Aylanay, biroz chidang, yo nasib, hammasi yaxshi bo‘ladi, - Shafoat momo inqillayotgan kelinini qo‘ltig‘idan suyab, orqa o‘rindiqqa o‘tqazdi. O‘zi Sobir va G‘anining yoniga o‘tirib yo‘lga tushishdi. Eng yaqin tug‘ruqxona tuman markazida, «yigirma besh kilometr narida», «Ishqilib eson-omon yetkazay-da» - G‘ani gazni bosdi. Mashina "yuz"da yelib borayotgan bo‘lsa-da unga imillayotganday tuyuldi. Bir payt kelin chinqirib yubordi:

- Oyi!..

- Mashinangni chetga chiqib to‘xtat. G‘ani bilan Sobir mashinadan tushib, esankiraganday turib qolishdi. Tun qa’rini buzib chaqaloqning ingasi yangradi.

- Sobir, buyoqqa kel, - Shafoat momo mashina eshinini ochib o‘g‘lini chaqirdi. – Xayriyat, eson-omon qutulib oldi. Ushla Yo‘lchiboyingni, men kelinga qaray.

Tog‘aymurod Shomurodov.