Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Imom Buxoriy xalqaro markazi xodimlari Bulg‘or islom akademiyasi talabalariga dars beradi

Kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Tatariston Respublikasining Bulg‘or islom akademiyasi olimlari o‘rtasida onlayn muloqot o‘tkazildi.

Markaz matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekistondagi talaba-yoshlarni Bulg‘or islom akademiyasining magistratura va doktorantura bosqichiga jalb qilish, ilmiy xodimlar va talabalarning ikki tomonlama malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, markaz professorlari, fan doktorlarini Bulg‘or islom akademiyasi ilmiy kengashi tarkibiga kiritish hamda doktorant va magistrantlarga ilmiy rahbarlikka tayinlash, Movarounnahr allomalarining hayoti va ilmiy merosiga doir onlayn seminar va konferensiyalar tashkil qilish, tomonlar ilmiy jurnallarida maqolalar almashish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan 2021 yildan e’tiboran ta’sis etilishi rejalashtirilayotgan Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasiga akademiya tadqiqotchilarini jalb qilish va markaz ilmiy xodimlarining akademiya talabalariga mahorat darslari o‘tishi va ma’ruzalar o‘qishi yuzasidan ham fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 29 avgustida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Tatariston Respublikasining Bulg‘or islom akademiyasi o‘rtasida hamkorlikka oid anglashuv memorandumi imzolangan.