Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti prorektorining diplomi soxtaligi yuzasidan ayblov o‘z isbotini topmagan

2020 yil yanvar oyida bir qator ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining internatsionalizatsiya va strategik rivojlanish ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Akbarov Azamat Anvarovichning diplomi soxtaligi yuzasidan maqolalar berilgan edi.

Ushbu maqolalarga ko‘ra, Azamat Akbarov universitetning birinchi prorektorligidan diplomi soxta bo‘lganligi sababli bo‘shatildi, deb iddao qilingan. Vaholanki, Azamat Akbarovning o‘z xohishiga ko‘ra, uning bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan tergov harakatlari natijasida ushbu ayblov o‘z isbotini topmagan va bugungi kunda jinoyat ishi tugatilgan.

Ta’kidlash lozimki, Azamat Akbarov “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida faoliyat yuritgan davrda ushbu universitetning faoliyatini xalqaro talablarga mos ravishda tashkil etish, uning nufuzini yanada oshirishga qaratilgan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan:

- universitet ta’lim tizimi ECTS - kredit tizimiga o‘tkazildi;

- ta’lim dasturi fanlari bo‘yicha sillabuslar ISO9001-2015 xalqaro ta’lim standartiga moslashtirildi;

- universitetda 5 kunlik ta’lim haftasi hamda unga muvofiq 2+1 ta’lim tizimi joriy qilindi;

- universitet faoliyatida talabalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida universitet qoshida «Students Parliament» tashkil etildi;

- universitet tomonidan tayyorlanayotgan mutaxassislarga nisbatan talablarni to‘g‘ri shakllantirish maqsadida universitet qoshida «Ish beruvchilar kengashi» tashkil qilindi;

- akademik semestr davomida talabalar e’tiboriga beshtagacha fan taqdim etilib, tanlov fanlar sifatida talabalarning eng ko‘p miqdori tomonidan belgilangan fanlar saralanishi belgilandi;

- universitet ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning mehnat faoliyati KPI effektivlik ko‘rsatkichi bo‘yicha baholanishi ta’minlandi;

- universitet xodimlarining ilmiy maqola va materiallarining Scopus, Web of Science kabi referativ-bibliografik ma’lumotlar bazasida kiritilgan jurnallarda nashr etish uchun rag‘batlantirish tizimi yaratildi;

- talabalar tomonidan xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasini oshirish maqsadida “o‘qish-yozish-tinglash-gapirish yo‘nalishlarida” amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish bo‘yicha xorijiy mutaxassislar jalb etish tizimi shakllantirildi;

- ingliz, rus va xitoy tillarini puxta o‘zlashtirish uchun universitet binolari ichida jonli nutq hududlari va “til-madaniyat-tamaddun” ko‘ngillilar to‘garagi va jamiyatlarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlangan.

Xullas, haq o‘z o‘rnini topdi.