Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jizzaxda “yonib ketgan” sigaretlar Samarqanddan topildi

Shu yilning yoz faslida Jizzax viloyati hududidan o‘tuvchi M-39 avtomagistrali orqali harakatlangan yo‘lovchilarning yonib ketgan “DAF” rusumli yuk avtomashinasiga ko‘zi tushgan bo‘lishi kerak.

Gap shundaki, 2019 yil 7 iyul kuni U.A. ismli shaxs boshqaruvida bo‘lgan mazkur “DAF” rusumli avtoulov tirkamasida yuklangan, qiymati 121 ming AQSh dollarlik 550 ming quti chet elda ishlab chiqarilgan sigaret mahsulotlari bilan Qirg‘iziston Respublikasiga tranzit o‘tkazish uchun Buxoro viloyatining “Olot” chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan.

Biroq ushbu avtotransport vositasi 2019 yil 14 iyul kuni go‘yoki Jizzax viloyati hududida tirkamasining orqa qismidan yong‘in chiqishi natijasida yukxonasidagi sigaret mahsulotlari bilan birgalikda yonib ketganligi haqida haydovchi tomonidan xabar berilgan.

Haydovchi to‘qigan cho‘pchakka ko‘ra, avtotransport vositasining orqa o‘ng tomon shinasining yonishi oqibatida kelib chiqqan yong‘in oqibatida avtotransport vositasi va undagi sigaret mahsulotlari butunlay yonib ketgan va uni o‘chirish imkoniyati bo‘lmagan emish.

Ammo katta miqdordagi sigaretlar ortilgan ushbu avtoulovning to‘satdan yonib ketishi haqida haydovchi aytgan gaplar bojxona xodimlarini sergak torttirdi.

Chunki ushbu sigaretlar agarda O‘zbekiston Respublikasida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilganida 6,6 milliard so‘m bojxona to‘lovlari to‘lanishi kerak edi.

Shu tariqa Samarqand va Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi hamda davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan olib borilgan hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasida ushbu jinoyat fosh etildi. Yashirib qo‘yilgan sigaretlar Samarqanddan topildi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.