Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboy tumani hokimi: Mansabdorsizu yaxshi inson bo‘lmasangiz, xalq sizni hurmat qilmaydi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi dasturiga ko‘ra, joylarda o‘quvchi va talabalarni davlat hokimiyati, boshqaruv organlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Hokim va yoshlar”, “Sektor rahbari va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Deputat va yoshlar” uchrashuvlarini tashkil etish belgilangan.

Jomboy tumanida ham bu borada aniq reja ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida olti marotaba “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

Muloqotlarda 1200 nafar o‘quvchilar ishtirok etgan.

Farzandlarimizning ko‘nglida rahbarlarga aytmoqchi bo‘lgan gapi, taklifi bo‘lishi tayin. Xususan, jomboylik yoshlar tomonidan shu kungacha tuman hokimligiga 180 ta taklif va muammo aytilgan. Ularning 178 tasi o‘rganilib, hal etilgan.

Shunday uchrashuv 7-umumta’lim maktabida ham o‘tkazildi. Tuman hokimi ishtirokida o‘tgan tadbirda o‘quvchilarning kelajakdagi orzulari, kitobxonlik, odob-axloq kabi mavzularda fikr almashildi. H.To‘ychiyev o‘quvchilarga o‘zining o‘quvchilik yillari haqida so‘zlab berdi.

– Hayotda muhimi, katta lavozimlarda ishlash, amaldor bo‘lish emas, – dedi hokim. – Asosiysi, yaxshi inson bo‘lish kerak. Oramizda shunday odamlar borki, mashhur bo‘lmasa ham uni el-yurt, qishloqdoshlari qadrlaydi, hurmat qiladi. Demak, o‘sha kishi yaxshi inson. Jamiyatga foydasi tegadi. Xalq uni e’zozlashi shundan. Agar mashhur, boy-badavlat yoki katta mansab egasi bo‘lsangizu yaxshi inson bo‘lmasangiz, xalq sizni hurmat qilmaydi. Shuning uchun birinchi navbatda yaxshi odam bo‘lishga, qaysi sohada bo‘lmasin, jamiyatga kerakli inson bo‘lib yetishishga harakat qiling.

Shu kunlarda “Sektor rahbari va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.