Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Joriy yil qabul test sinovlarida qo‘llaniladigan test topshiriqlari soddalashtiriladi

Davlat test markazi abituriyentlar uchun Test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasidagi umumta’lim fanlari bo‘yicha test topshiriqlarini shakllantirish bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yil qabul test sinovlarida qo‘llaniladigan test topshiriqlari o‘tgan yillarda foydalanilgan test topshiriqlariga nisbatan soddalashtiriladi.

2019/2020-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovlari jarayonida tarix va geografiya fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari qo‘llanilgan edi.

Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglay olishi, fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida endilikda yana chet (ingliz, nemis, fransuz) tillaridan ham holatni ifodalashda rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda. Bu odatdagi talabdan ancha oson bo‘ladi degani.

Shuningdek, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilmoqda.

Bulardan tashqari, ona tili va adabiyotdan mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan va fanga oid chizmali test topshiriqlari sonini ko‘paytirish ustida harakatlar olib borilmoqda.

Kimyo fanidan shakllantirilayotgan test topshiriqlari tarkibida nazariy savollar sonining oshirilishi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlarini yaratish jarayonlari davom etyapti.

Soddalashtirish ishlari fizika fani bo‘yicha ham amalga oshirilmoqda va bu quyidagi ko‘rinishda aks etadi:

⁃ birinchi qiyinlik darajasidagi (eng oson) test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko‘paytiriladi;

⁃ jami test topshiriqlari tarkibida nazariy test topshiriqlarining ulushi oshiriladi;

⁃ abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida «Doimiy fizik kattaliklar jadvali» ishlab chiqildi va u test sinovlari jarayonida taqdim etiladi.