Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Juringlar, qo‘rg‘on ketamiz!

Baxshilar bayrami – ko‘ngillarni olish bayrami, insoniyat bosib o‘tgan tarixga quvonch, adolat bilan qayta nazar solish bayrami bo‘ldi. Surxondaryoning adog‘siz kengliklarida bor ezgu niyatlaringni namoyon qilmoq va o‘tmishga hurmat bilan boqmoq bayrami bo‘ldi. Baxshi bobolarim dostonlarida kuylangan xalq “Do‘stlik” bog‘iga ko‘chib chiqdi.

Birovlar qo‘shiqlaru dostoni bilan, birovlar ellik xil noni bilan, birovlar nomdor polvoni bilan, Samarqand ko‘hna va yangi Registoni bilan, birovlar chevarlari tikkan palaklari bilan, birovlar baxtga to‘la falaklari bilan, birovlar oqu malla tuyalari bilan, birovlar chopqir otu biyalari bilan kelaverdi, shodu xandon odamlar bilan to‘laverdi bog‘.

Bog‘ deganlari hayhotday joy ekan, ko‘kdan mahliyo tikilgan oy ekan, to‘lib oqqan soy ekan, xalqi juda boy ekan. Qirq mamlakatning baxshilari, odam zotining yaxshilari, o‘z elining naqshilari qo‘lida sozi bilan, afsunu nozi bilan tashrif aylagan ekan.

Anov joyda o‘g‘ir bilan keli bor, manov yerda charxi bilan kuvi bor, Oybarchinday qiziyu Alpomishday uli bor. Chiroqlari charog‘on, na o‘ti bor, kuli bor, har odamning suyangani - eli bor. Har baxshining quloch-quloch tili bor.

Yurtboshimning bir jonbaxsh qarori bilan uxlab yotgan tarix o‘yg‘ondi, tepaga ilingan choriq o‘yg‘ondi, kamalakdek oqu qora, soriq uyg‘ondi. Odamizotni uyg‘otish uchun, eng go‘zal tuyg‘ularni to‘lg‘otish uchun shunday azmu qarorlar kerakligi ayon bo‘ldi. Yer yuziga borligimiz shoyon bo‘ldiki, shoir qalbdan to‘kilgani – kichikkina bayon bo‘ldi.

Dostonlarda qirq kechayu qirq kunduz to‘y bergani shunday ekan, Termizning issiqlari kunday ekan. Men ham Ergash Jumanbulbul yurtiga she’rparast, ishqparast dillarni, ifori xush gullarni taklif qilib qoldim. Odamlar baxshi bobomning tog‘larini, bog‘larini oralasin, dostonlarini saralasin dedim:

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz   

 

Shoirini unutmagan jon elim,

Ulug‘larga, buyuklarga kon elim,

Alplarini olaverib qora kun

Hasratlardan bag‘ri zada, qon elim,

Turinglar, Qo‘rg‘on ketamiz,

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz!

 

Oqtov bilan Qoratovning orasi,

O‘zi tengi baxshilarning sarasi,

Jumanbulbul o‘g‘li kutar bizlarni,

Asrlardan o‘tib tortgan na’rasi,

Turinglar, Qo‘rg‘on ketamiz,

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz!

 

Tog‘lar aro uchib borar tovushi,

Dong‘i kelar tildan tilga ovushib,

Qo‘shrabotning qo‘sh qanotli o‘g‘lini

Qutlashaylik do‘stu raqib qovushib.

Turinglar, Qo‘rg‘on ketamiz,

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz!

 

Jumanbulbul desa dunyo biladi,

Nolalarni xanjar kabi tiladi,

Aytuvini tinglab ko‘rsa har odam,

Tosh bo‘lsayam tiriladi, o‘ladi,

Turinglar, Qo‘rg‘on ketamiz,

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz!

 

Foniy dunyo barcha qo‘ldan o‘tadi,

G‘am qursin-a, barchamizga yetadi,

Zarning g‘amin, zo‘rning g‘amin chekmak bas,

So‘rov kelsa barcha birday ketadi.

Turinglar, Qo‘rg‘on ketamiz,

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz!

 

Kuygan qulman, gapni gapga ulayman,

Jon yurtimga mard baxshilar tilayman,

O‘zbegimni so‘z-la yengay desa kim,

Belim bog‘lab Tilla kampir bo‘lay man,

Turinglar, Qo‘rg‘on ketamiz,

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz!

 

Paxta o‘tar, bug‘doy o‘tar, yer qolar,

Yaxshi-yomon kunlar o‘tar, she’r qolar,

Mingta baxshi doston qilib aytsa ham,

O‘zbegimning dilida bo sir qolar,

Turinglar, Qo‘rg‘on ketamiz,

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz!

 

Tovlarda cho‘liqlar molin qo‘riydi,

Erkaklar yurtining holin qo‘riydi,

Kelmasin xiyonat, xavfu xatar deb,

Shoirlar elining dilin qo‘riydi,

Turinglar, Qo‘rg‘on ketamiz,

Juringlar, Qo‘rg‘on ketamiz!

Xosiyat Bobomurodova.