Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantin qoidasini buzgan shaxs oshkor qilinishi kerak emasmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda karantin tadbirlari e’lon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar respublikamiz bo‘yicha karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami 27 486 ta holat aniqlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lumot berdi. Shundan  Samarqand viloyatida 2 691 ta holat kuzatilgan.

Jumladan, 4 aprel kuni Past Darg‘om tumani, Qarshilik qishlog‘ida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro J.B. ruxsatnomasiz o‘z transportida bemaqsad yurganligi aniqlanib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan jarimaga tortilgan. Shuningdek, Samarqand tumani, Ravot mahallasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan Sh.A. Tong 2-berk ko‘chasida joylashgan avtomoykani karantin cheklovlariga qaramay ishlatib kelgan. Oqibatda u ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Toyloq tumani, Ukrach mahallasida yashovchi Sh.B. esa jamoat joyida tibbiy niqobsiz yurganligi aniqlanib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 

Bugungi kunda karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish yuzasidan doimiy tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shunga qaramasdan, yuqoridagi kabi qoidabuzarlik holatlari kuzatilmoqda. Lekin huquqbuzarlarning J.B, Sh.A, Sh.B kabi ism-familiyalarining bosh harfini yozish odatga kirib qoldi. Nega ularning shaxsini, ism-familiyasini yashirishimiz kerak? Axir ular bugungi tahlikali kunlarda, odamlarga virus yuqtirmaslikni ta’minlash maqsadida davlatimiz tomonidan qabul qilingan qarorlarga buysunmay harakat qilayotgan kimsalar-ku. Keng jamoatchilik ularning kim ekanligini bilishi kerak emasmi? Ularning shaxsi aniq aytilishi boshqalarga ibrat bo‘ladi-ku!

Husan Eltoyev.