Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantin yumshatilmoqda, ammo park, tungi klub, diskoteka va boshqa ko‘ngil ochar joylar faoliyatiga ruxsat yo‘q

Quyidagi karantin cheklovlari (taqiqlar) 2020 yil 15 avgustdan keyin ham saqlab qolinishi belgilandi:

- fuqarolarning jamoat joylarida ijtimoiy masofani (2 metr) saqlashi, tibbiy niqobda bo‘lishi, bunda ular tomonidan sanitar talablar buzilgan taqdirda qat’iy choralar (jarimaga tortish) ko‘rish;

- tana harorati 37 gradus va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan fuqarolarning jamoat joylariga chiqmasligi;

- davlat organlari, tashkilotlarida yig‘ilishlar o‘tkazishni taqiqlash, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish;

- tomosha, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari, to‘yxonalar, faoliyati) va ommaviy tadbirlar o‘tkazish;

- parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar faoliyati;

- umumiy ovqatlanish ob’yektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati (ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish ob’yektlari bundan mustasno);

- tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;

- 65 yoshdan oshgan shaxslarning “o‘zini o‘zi yakkalash” hayot tarzida yashashini tavsiya etish va ogohlantiruvchi targ‘ibot ishlarini amalga oshirish;

- yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi), yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi hamda faqat o‘z (avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) hududida harakatlanish.

Davlat organlari va muassasalarining binolari, shu jumladan, xizmat xonalari mavjud sharoitlardan kelib chiqib, havoni zararsizlantirish tizimi bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini inobatga olib, shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan shaxslarni karantinga olishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etildi:

- xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan shaxslarni karantinda saqlash muddati 14 kun etib belgilanadi;

- karantin muddatini shaxsning xohishiga ko‘ra karantin markazlarida yoki mehmonxonalarda o‘tkazish tartibi saqlab qolinadi;

- karantin muddati shaxsning davolash profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishga roziligiga ko‘ra, karantinda saqlash muddati vrachlar kuzatuvi ostida davolash-profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirgan (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan dori vositalarini qabul qilgan) holda 7 kun etib belgilanadi (bunda 7 kunlik karantindan so‘ng test natijasi manfiy bo‘lganda shaxs karantin markazidan chiqariladi).