Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘on shahri va tumani Davlat xizmatlari markazlari yangi binoga ega bo‘ldi

Ayni damda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha mamlakatimiz miqyosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, xalqimiz salomatligi va farovon turmushini ta’minlashga ustuvor maqsadlardan biri sifatida qaralmoqda.

Buni Kattaqo‘rg‘on shahri va tumani misolida ko‘rish mumkin. Bu ikki hududda istiqomat qiluvchi aholiga qulaylik yaratish maqsadida Davlat xizmatlari markazlarining yangi binosi qurilib foydalanishga topshirildi.

– Kattaqo‘rg‘on tumani Davlat xizmatlari markazi ilgari kichik binoda joylashgan, xonalari va fuqarolar kutish zali ham biroz tor edi, – deydi markaz direktori Bektosh Rustamov. – Bu esa mijozlarga xizmat ko‘rsatishda markaz xodimlariga ham ayrim noqulayliklar keltirardi. Zamon andazalariga mos va barcha elektron texnik vositalari bilan ta’minlangan ushbu binoda endilikda xalqimiz uchun xizmatni munosib sharoitlarda davom ettiramiz.

Markazning yangi binosida barcha qulayliklar - notarius va Bosh vazirning tadbirkorlar qabulxonasi, investorlar, tibbiyot xonalari hamda bolalar maydonchasi mavjud. Elektron navbat tizimi joriy etilgan va Xalq banki kassasi ham joylashtirilgan.

 Markaz bir vaqtning o‘zida 24 ta qabul oynasida murojaatchilarga xizmat ko‘rsata oladi. Zamon andazalariga mos ravishda jihozlangan binoda 10 ta monitorda 130 dan ortiq davlat xizmati turlari yuzasidan ma’lumotlar fuqarolarga taqdim etilgan.

– Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida tuman Davlat xizmatlari markaziga kelgan edim, – deydi tadbirkor Sherzod Ochilov. - Markaz xodimlari tomonidan besh daqiqa ichida faoliyatim davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Muhimi, tashrif buyurayotgan fuqarolarning karantin tartib-qoidalar asosida markazga kiritilishi qat’iy nazoratga olingan. Zaruriy antiseptik vositalar asosida ta’minlangan markazda mijozlarga masofa saqlangan holda xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Kattaqo‘rg‘on shahar Davlat xizmatlari markazi ham yangi, barcha qulayliklarga ega binoga ko‘chirildi.

Ushbu maskanda ham davlat xizmatlaridan foydalanish uchun tashrif buyurgan fuqarolarning nafaqat tezkor va sifatli xizmat olishlari, balki markaz xodimlarining muomala madaniyatini ham baholash imkoniyatiga ega. Markaz operatorlari maxsus uskunalar – raqamli imzo planshetlari bilan ta’minlangan.

Binoning kirish qismida xizmatlar haqida to‘liq ma’lumot beruvchi INFOLAND o‘rnatilgan bo‘lib, unda Davlat xizmatlari markazi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat nomlari va ularning QR-kodlari joylashtirilgan. Mobil telefonda QR-kodni skaner qilish hamda ilova orqali ushbu xizmat haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyati mavjud.