Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Keksalar ham pensiya, ham oylik olishadi, yoshlar esa ishsiz

Avvalo, aytib qo‘yay. Men ham pensiya yoshidagi kishiman. 40 yillik pedagogik stajim bor. Lekin hozir ishlamayapman, pensiyadaman.

Bizning Payariq, Chelakdagi poliklinikalarimizda esa keksayib qolgan bo‘lsa-da ishlayotgan vrachlarni ko‘raman. To‘g‘ri, hozir maktab va boshqa tashkilotlarda ham bunday xodimlar ko‘p. Chunki, davlatimiz ishlovchi pensionerlarga maoshni ham, pensiyani ham to‘liq olish uchun imkoniyat yaratib qo‘ydi. Bundan xursand bo‘lish kerak, ammo bu imtiyozni suiiste’mol qilish yarashmaydi-da.

Mayli, mutaxassis yetishmasa, kadrlarga ehtiyoj katta bo‘lsa, pensionerlarning ishlab turgani ma’qul. Lekin bugun ko‘plab yoshlar oliy o‘quv yurtlarini bitirib yoki sirtqi, kechki ta’lim shakllarida o‘qib mutaxassis bo‘lyapti. Ularga ish joylari kerak. Bugun esa diplom olganlarning ko‘pchiligi ish topolmayapti. Mana shunday paytda pensiyadagi xodimdan ko‘ra, yoshlarni ishlatish kerak emasmi? Ayrimlar “yoshlarda tajriba yo‘q”, deyishi mumkin. Pensiyadagilar ham tajriba bilan ishga kelmagan-ku, ishlab tajriba orttirgan. Yoshlarga imkoniyat berilsa ular ham tez orada malakali mutaxassis bo‘lishiga shubha yo‘q.

Barot Xolmurodov,

Payariq tumani.