Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘mir o‘rnida yong‘oq po‘chog‘i

O‘tgan yili Urgut tumanida o‘tkazilgan press-turda tuman faollaridan biri «Imkoniyati bo‘lsa-da,  ammo ba’zi qishloqlarda aholi juda nochor yashaydi. Lekin shunday qishloqlar borki, u yerda yashovchi aholi tadbirliligi tufayli yashash sharoitlarini o‘nglab olgan. Kelgusida mana shunday kishilarning ba’zilarini nochorroq qishloq hududlariga ko‘chirtirishni rejalashtirganmiz. Maqsadimiz, ishbilarmon kishiga ergashuvchilar bu qishloqdayam ko‘paysa, aholining turmush farovonligi oshadi».

Bilmadim, bu tajribani Urgut tumani faollari qo‘lladimi, yo‘qmi, ammo qishloqdagi bir tadbirli kishi minglab kishilarga namuna bo‘lishi haqiqatan ham bor gap. Bunga Payariq tumanidagi Darveshiq mahallasida guvoh bo‘ldik. Viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan jamoatchilik nazorati guruhi bilan mahallaga kirib borishimizdayoq aholining yashash sharoiti yomon emasligini his qildik. Ammo mahallada hal etilishi lozim bo‘lgan jiddiy muammolar bor ekan.

Birinchi navbatda mahalla markazi hali qurib bitkazilmagan. Ya’ni mahalla faollari ishlashi uchun boshpana yo‘q. Oqsoqol O‘ktam Bozorovning aytishicha, o‘zi faollar yordamida mahalla markazini tiklashga chog‘langan. Ammo bu binoning faqat tomi yopilgan, xolos. Endilikda uni ta’mirlash uchun mablag‘ so‘rab qilgan murojaatlari natijasiz qolmoqda. Shu hududda ikkita mahallaga xizmat ko‘rsatayotgan qishloq vrachlik punkti tugatilib, tadbirkorga, xususiy klinika tashkil qilish uchun berilgan. Bu yaxshi, ammo aholi oldingi QVPning hech bo‘lmasa ikkita xonasi poliklinika filiali bo‘lib qolishi tarafdori. Sababi, yosh bolali onalarga go‘dagini emlatish uchun 10 kilometrga yaqin masofadagi tibbiyot muassasasiga borishi qiyin.

Xonadonlardagi muammolarni o‘rganar ekanmiz, aynan sog‘lom turmush tarzi, tibbiyot bilan bog‘liq masalalar tufayli muammolar kelib chiqqan oilalar ko‘pligi kuzatildi. Deylik, bir xonadonda nogironlik bilan tug‘ilgan bola bugun 10 yoshni qarshiladi. Ona kamqonligi tufayli shunday chaqaloq dunyoga kelgan. Yana bir oiladagi nogiron farzand yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning «mevasi».

Yog‘ingarchilik kunlari uyining bir qismi qulab tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yana bir oilaga mahalla faollari hamjihatlik bilan yordam qo‘lini cho‘zgani ma’lum bo‘ldi. Ammo bu uyda yashovchi Hanifa opa tikuvchilik mashinasi uchun bankdan kredit ololmay halak.

- Bitta mashinka bo‘lsa o‘zimizni o‘zimiz eplab turardik, - deydi Hanifa opa. – Uy-joyimizning ahvolini ko‘rib turibsiz. Ikki qizimni turmushga uzatganmiz, ular o‘z ro‘zg‘orini zo‘rg‘a uddalashadi. Qolaversa, qiz boladan umid qilib nima qildik. Kichik ro‘zg‘orimizni o‘tkazib turish uchun kashta tikaman, qo‘ni-qo‘shniga ko‘rpa-to‘shak tikib berib, ozroq bo‘lsayam qo‘limiz pul ko‘radi. Ammo tikuv mashinam yo‘qligi uchun qiynalayapman. Shu tomondan yordam bo‘lsaydi…

Darvoqe, mahalla ahli dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Bozorda savdo-sotiq qiluvchilar ham ko‘pchilik. Bitta mahalla hududida 9 ta savdo do‘konining mavjudligi ham bu yerdagi aholi turmushi haqida ko‘p narsani aytib turibdi. Ammo maishiy xizmat ko‘rsatish masalasida ahvol maqtangulik emas.

Qish kunlari arzonlashtirilgan narxda ko‘mir oldingizmi, degan savolimga aksariyat xonadon egalari hayrat bilan yuzimga qarashdi. Nazarimda, ular bunday imtiyoz borligini bilmaydi ham. «O‘tgan yili shunday ko‘mir olish uchun borganimizda naq tuproqni yuklab kelgandik. Shundan beri arzonlashtirilgan ko‘mir desa odamlar o‘zini olib qochadigan bo‘lgan», deydi darveshiqliklardan biri.

 - Aholining katta qismi yong‘oq mag‘zini tozalash bilan shug‘ullanadi, - deya mening hayratimga javob beradi shu mahallada istiqomat qiluvchi Aslan Rahmatov. – Xuddi bozorlardagi singari chiroyli qilib chaqilgan yong‘oq mag‘zini xaridorlar shu yerning o‘zidan olib ketishadi. Mablag‘i bor xonadonlar  bozordan, hatto boshqa viloyatlardan tonnalab yong‘oqni olib kelib, uni mag‘zidan ajratishadi. Buni bajarish uchun qishloqdoshlarini ma’lum mehnat evaziga ishlatishadi. Yaxshi tomoni yong‘oq mag‘zini tozalagan kishi pul bilan birga o‘sha, yong‘oq po‘chog‘ini ham o‘ziga qoldiradi. Yong‘oq po‘chog‘i qishda eng yaxshi issiqlik vositasi. Norasmiy bo‘lsa-da, shu orqali aholining katta qismi moliyaviy ahvolini o‘nglab olgan.

Haqiqatan ham qishloq ahli yong‘oq po‘chog‘i qish kunlarida ajoyib chora ekanligini aytishdi: hidi yo‘q, issig‘i baland. Faqat mo‘rini tez-tez tozalab turish kerakligini aytmaganda, boshqa tomonlari juda qulay, deyishdi ular. Elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Maktab, maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatidan ko‘pchilik rozi. Faqat mahallaning «yuzi» - binosi yo‘qligi bu yerda ish tizimini yanada samarali tashkil etishga tushov bo‘lib turibdi.

Gulruh MO‘MINOVA.