Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Marhumning oila a’zolari da’vo ishi ochishni istamasa-da, sud haydovchiga nisbatan ayblov e’lon qildi

Ashirali Po‘latov “Neksiya” avtomashinasida Navoiy shahriga borish uchun yo‘lga tushdi. Paxtachi tumanining Boltali mahallasi hududidan o‘tgan “Samarqand – Buxoro” avtomagistral yo‘lida ketayotganida 200 metrlar uzoqlikda velosiped yetaklab, yo‘lni kesib o‘tayotgan yo‘lovchini ko‘rdi. Ayni kun botish vaqtida quyoshning nurlari haydovchining ko‘zini qamashtirdi. U yo‘lovchi yo‘lni kesib o‘tishga ulgurdi, deb o‘yladi va tezlikni pasaytirmadi.

...Ammo tasavvuri unga pand berdi. Avtomashinaning old o‘ng tomoniga bir narsa qattiq urildi va yuqori tezlikda ketayotgan mashina ostiga tushdi. U mashinani to‘xtatdi-yu, bir zum karaxt bo‘lib qoldi: yo‘lni kesib o‘tayotgan kishi yerda yuztuban yotardi.

Ashirali tezda o‘zini o‘nglab, unga yordam berishga shoshildi. Oradan 15 daqiqa o‘tar-o‘tmas tez yordam avtomashinasi kelib, jabrlanuvchini Paxtachi tumani markaziy shifoxonasiga olib ketdi. Ammo ko‘p o‘tmay u vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Sanoqli soniyalarda yuz bergan bu hodisa bir insonni hayotdan olib ketdi. Ashirali qilgan ishidan qattiq pushaymon bo‘ldi, vijdoni qiynaldi. Marhumning oila a’zolaridan chin ko‘ngildan kechirim so‘radi. Ularga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘ladi. Marhumning oila a’zolari Ashiraliga nisbatan da’vo ishi ochishni istamadi. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqaroni himoyasiga olgan holda qonuniy da’vo bilan chiqib, Ashiraliga nisbatan ayblov e’lon qildi. 

Sud ushbu ish yuzasidan barcha holatlarni o‘rganib, aybdorga qonun talablaridan kelib chiqib jazo tayinladi.

Sirtdan qaraganda, sodir bo‘lgan bu falokat - yo‘l transport hodisasi bo‘lishi mumkin. Ammo voqea oqibatida halok bo‘lgan marhumning yaqinlari uchun bu katta fojia ekanini unutmasligimiz lozim. Afsuslanarlisi, oddiygina ehtiyotsizlik bir insonning umriga zomin bo‘ldi.

A.AKRAMOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudi raisi.