Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

MIB. “Energosotish”. Iste’molchi. Haqiqat uchburchakning qaysi tomonida?

Oila yillar davomida mablag‘ jamg‘arib yangi uy sotib oldi. Barcha hujjatlar to‘planib notarius orqali rasmiylashtirildi ham. Oila a’zolari o‘z uylariga ega bo‘lganliklaridan behad shod. Lekin oradan bir necha yil o‘tib qaysidir hujjat noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa, ko‘ngilda halovat qoladimi?

Tahririyatimizga Samarqand tumani Xo‘ja Ahror Vali-1 mahallasida yashovchi Qo‘zi Miromov yo‘llagan shikoyat arizasida shunday holat bayon etilgan.

- Biz 2003 yil 15 dekabrda Samarqand shahri Zarafshon mahallasi Abdullayeva ko‘chasidagi 15-uyni sotib olib, notarius orqali rasmiylashtirdik, - deb yozadi Qo‘zi Miromov. – Ungacha tegishli idoralardan qarzdorlik va boshqa rozilik beruvchi bir qancha hujjat to‘pladik. Kuyovim ham, qizim ham II guruh nogironi bo‘lganligi bois barcha hujjatlarni o‘zim rasmiylashtirdim. Barcha rasmiyatchiliklar tugagach, kuyovim va qizim yangi uyda yashay boshladi. 2013 yil 23 sentyabrda Samarqand shahar energosotish bo‘limining ikki nafar nazoratchisi xonadondagi So2m 54906564-raqamli elektr hisoblagich bo‘lim bazasida yo‘qligi, bazada So2m 05011432-raqamli hisoblagich mavjudligi tufayli dalolatnoma tuzib, 2 million 312 ming 640 so‘m jarima belgilashdi. Xo‘sh, unday bo‘lsa uyning avvalgi egasi nega bundan bexabar bo‘lgan? Qolaversa, biz uyni sotib olib, rasmiylashtirayotganimizda Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasidan ham qarzdorlik bor-yo‘qligi borasida hujjat olganmiz, agar haqiqatda raqam noto‘g‘ri bo‘lsa, nega mutaxassislar o‘sha paytda bu tarzda hujjat berishgan? Kuyovim va qizim bu holatni kichik anglashilmovchilik sifatida ko‘rib ko‘p ham e’tibor bermagan va iste’mol qilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni to‘lab yuravergan. Men esa uyga o‘rnatilgan hisoblagich bo‘yicha ma’lumot so‘rab shahar energosotish bo‘limiga murojaat qildim. 2019 yil 31 mayda bo‘lim boshlig‘i J.Jo‘rayevning imzosi bilan berilgan ma’lumotda 1112135-sonli shaxsiy hisob raqamiga 1998 yil 1 mayda SO2M 05011432-sonli induksion elektr hisoblagich o‘rnatilgan va elektr hisob dasturiy kompleksidan ro‘yxatdan o‘tganligi bildirilgan. Bu bilan esa biz pul to‘lashdan qochib hisoblagichni boshqasiga almashtirgan bo‘lamiz-ku, yana kimningdir aybi bilan qariyb 2,5 million so‘m jarima ham to‘lash majburiyati yuklangan. Ushbu anglashilmovchilikni bartaraf etish uchun 2019 yil 3 iyunda «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati rahbariga ariza bilan murojaat qildim. 2019 yil 19 iyunda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbari murojaatim yuzasidan T23/0000012018-sonli qoidabuzarlik aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgani va elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganligimiz uchun 2  million 312 ming 640 so‘m miqdorida jarima belgilanib, bu zararni majburiy undirish uchun Samarqand shahar energosotish bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudiga da’vo arizasi kiritilganligini ma’lum qildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 iyuldagi ma’lumotida esa Samarqand shahar energosotish bo‘limidan Mirmahmud Yusupov (kuyovim)dan qarzni undirish to‘g‘risida hech qanday da’vo arizasi sudning ish yurituviga kelib tushmaganligi va bunday ish ko‘rib chiqilmaganligi bildirildi. Anglashilmovchilikka viloyatdagi idoralardan yechim topolmagach, Prezidentning virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Yo‘llagan murojaatim Samarqand shahar prokuraturasi va Majburiy ijro byurosi shahar bo‘limi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilib, elektr energiyasi iste’molidan 2 million 96 ming so‘m qarzdorlik borligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng Q.Miromov T23/0000012018-sonli dalolatnomani haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat qiladi. Ish ko‘rilishida Samarqand shahar energosotish bo‘limidan hech kim qatnashmaganligi sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi ishni sirtdan ko‘rib 2013 yil 23 sentyabrdagi Samarqand shahar Abdullayeva ko‘chasi 15-uy bo‘yicha tuzilgan T23/0000012018-sonli dalolatnomani haqiqiy emas, deb topgan.

Haqiqat qaror topdi, ammo bir xatolik, deb oila yillar davomida idorama-idora qancha sarsongarchiliklarni boshdan kechirdi. Aslida haqiqatda ham qarzdorlik bo‘lganmi?  Agar bo‘lsa nega sud ishida qarzdorlik noto‘g‘ri ekanligi isbotlandi?

- 2013 yilda “Siyob”, “Temiryo‘l” va “Bog‘ishamol” bo‘limlari aholiga xizmat ko‘rsatgan, - deydi Samarqand shahar energosotish bo‘limi huquqshunosi Bahodir Usmonov. – Avval bu masala bilan boshqa mutaxassislar shug‘ullangan, men ishga kelganimdan so‘ng Q.Miromov qarzdorlikni aniqlash masalasida murojaat qildi. Biz murojaat asosida imkon qadar kerakli hujjatlarni topib masalani yechishda ijobiy yordam berdik. Hisob raqam solishtirilib, M.Yusupovning elektr energiyasidan qarzdorligi yo‘q va aksincha oldindan 8187 kVtgacha ortiqcha to‘lov borligi aniqlandi.

Bir qarashda masala ijobiy hal etildi, muammo qolmadi, fuqaro noreal qarzdorlikdan qutuldi. Ammo endi boshqa idoraning da’vosi Q.Miromov va farzandlarining halovatini buzdi. Aniqrog‘i, Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i F.Fayziyevning imzosi bilan 2019 yil 16 dekabrdagi ma’lumotnomada Q.Miromovning Bosh prokuraturaga yo‘llagan murojaati asosida o‘tkazilgan xatlov natijasida M.Yusupovning elektr energiyasidan 2 million 312 ming 640 so‘m qarzi borligi aniqlanib, bu qarz 1112135-sonli hisob raqamga kiritilgan. Hozirgi kunda esa elektr energiyasidan qarzdorlik 2 million 467 ming 554 so‘mga yetgan va bu qarz to‘liq qoplangandan keyin elektr ta’minoti qayta tiklanishi ma’lum qilingan. Ajabo, bir masala yuzasidan ikki idoraning fikri ikki xil, kechagi gap bugunga to‘g‘ri kelmaydi. Kimga ishonishni, qaysi hujjatga tayanishni ham bilmaysan.   

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi esa sud qarorida dalolatnoma raqami aynan keltirilmagani tufayli qarzni to‘xtatishni istamayapti.

- Ming afsuski, shunday, - deydi Q.Miromov. – Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi mas’ullari nega sud qarorida T/23 dalolatnoma raqami keltirilmagan, deyishmoqda. Buni qanday tushunish mumkin. Nahotki, bir jumla uchun sud qarori inkor qilinsa. Xo‘p, sud noqonuniy qaror chiqargan, deb hisoblanayotgan bo‘lsa, nega menga emas, sudga murojaat qilishmaydi. Buning uchun huquqshunos bo‘lish kerakmas-ku!

Yoshim qariyb 75 ga bordi, necha yillardan buyon masalani oydinlashtiraman, deb viloyatdagi tashkilotlar eshigida sarsonman. Yana necha yil sarsongarchilik azobini chekishim kerak.

Otaxonning kuyinishida ham jon bor. Fuqaro yillar davomida haqiqatni yuzaga chiqarish uchun bir necha marotaba Toshkentga borib Energetika vazirligi, Bosh prokuraturaga shu masala yuzasidan murojaat qilgan, viloyatdagi deyarli barcha shu soha mas’ullariga uchrashgan, shu ishni oydinlashtirish uchun jarima miqdoridan ham ko‘proq mablag‘ sarflagan. Va nihoyat sud qarori bilan ko‘p yillik muammoga ijobiy yechim topilganda yana bir mas’ul tashkilot raqam aynan keltirilmagan, deya sud  qarorini tan olishni istamayapti. Nega axir? Qog‘ozbozlikni deb bir-birimizni yana necha yil qiynaymiz?

- 2013 yilda viloyat elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari tomonidan Samarqand shahri Zarafshon mahallasi Abdullayeva ko‘chasidagi 15-uy bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan, - deydi Majburiy ijro byurosi viloya boshqarmasi xodimi Eldor Mahmudov. – 2017 yilda Majburiy ijro byurosi tashkil etilgach, biz bu kabi to‘lovlardagi qarzdorlikni undirishni boshladik. Bu masalada boshqarmamiz xodimlari Q.Miromov aytayotganidek sud qarorini tan olishni istamayapti emas, barchasi qonuniy bo‘lishini istashyapti, xolos. Biz boshqa tomon manfaati uchun sudga ariza kiritolmaymiz. Shuning uchun Q.Miromov qaror qismidagi tushunmovchilikni oydinlashtirish uchun sudga ariza kiritishi kerak. Shunda sud bu haqda ajrim chiqaradi. Ushbu ajrim nusxasini bizga taqdim qilgach, shu  asosda qarzdorlik to‘liq bartaraf etiladi va masalaga qonuniy yechim topiladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

“Zarafshon” muxbiri.