Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Namanganda 500 kishilik to‘y to‘xtatildi (video)

Joylarda ba’zi fuqarolar oilaviy tadbirlarni dabdaba bilan o‘tkazishni qo‘shnilar, qarindoshlar tanqididan, umuman olganda, jamoatchilikning bosimidan xalos bo‘lish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar o‘rtasida ziddiyatlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Shuningdek, Ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlariga katta mablag‘ sarflanishi tufayli qarzga botmoqda va qarzni uzish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.

Bunday holatlarga barham berish maqsadida Namanganda mutasaddilar tomonidan ko‘plab tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari olib borilyapti. Natijada 500 kishiga mo‘ljallangan to‘y qisqartirildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qo‘shma qaroriga binoan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi nizom e’lon qilingan edi.

Hujjat 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Unga ko‘ra:

⚪ oilaviy tadbirlar faqat bir kun soat 06:00 dan va 23:00 gacha oraliqda o‘tkaziladi;
⚪ to‘y-hashamlar haqida kamida 1 hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilish zarur;

⚪ din mavzusidagi ma’ruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi;
⚪ dafn etish va motam marosimlari («yetti», «payshanbalik», «yakshanbalik», «yigirma», «qirq», «hayit», «yil oshi», «pul tarqatish», «mato ulashish» va hokazo) hamda to‘y-hasham («kelin navkari», «chorlar», «ota ko‘rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish» va hokazo) bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni o‘tkazishga ruxsat berilmaydi;

⚪ oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, osh marosimlarida 250 nafargacha kishi qatnashadi;
⚪kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishida 3 tadan ko‘p bo‘lmagan yengil avtomashinadan foydalanish mumkin;

⚪ to‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida oilaviy tadbirlar o‘tkazish uchun albatta shartnoma tuziladi.