Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpay tumanidagi maktab direktorlari sport zaliga yoshlarni qo‘ymayapti. Viloyat hokimining topshirig‘i nega bajarilmadi?

2019-2020 o‘quv yili yaqinlashyapti. Navbatdagi o‘quv yiliga maktablar qay darajada tayyor, ta’mirlash jarayoni qanday, bu muammolarning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Shu savolga javob topish maqsadida Narpay tumanidagi ayrim maktablarda bo‘ldik.

– Tumanda 68 ta maktab, 2 ta maktab filiali hamda 1 ta «Barkamol avlod” bolalar markazi bo‘lib, jami 35 ming 68 nafar o‘quvchi tahsil oladi, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Erkin Po‘latov. – Joriy yilda investitsiya dasturi asosida 3 ta maktabni mukammal ta’mirlash uchun 4 milliard 792 million so‘m ajratildi. Ayni paytda bu ishlar amalga oshirilmoqda. Yana uchta maktab «Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Shuningdek, mahalliy byudjet hisobidan 16 ta maktabni joriy ta’mirlash uchun 1 milliard 30 million so‘m yo‘naltirildi. Qolgan maktablar esa ota-onalar va tadbirkorlar homiyligida o‘quv yiliga tayyorlanyapti. 

Mahalla raisi «yangi”, maktab direktori-chi?

47-umumiy o‘rta ta’lim maktabidamiz. Maktabning kirish qismida foydalanish mumkin bo‘lgan anchagina yer maydonining qarovsiz, qaqrab yotgani kishi e’tiborini tortadi. Bino ichkarisi ham ko‘zni quvnatar darajada emas. To‘g‘ri, sinfxonalarni ta’mirlashga harakat qilingan, ammo asosiy masalalar e’tibordan chetda. Foye va sinfxonalardagi yoritkich chiroqlarining bir nechtasi ishlamaydi. Kompyuterlar saqlanadigan xona quyosh nuridan himoyalanmagan...

– Maktabimiz 2007 yilda 230 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bo‘lib, ayni paytda 424 nafar o‘quvchi ikki navbatda tahsil oladi, – deydi muassasa rahbari Muharram Omonqulova. – Maktab homiylar tomonidan ajratilgan 8 million so‘m mablag‘ asosida ta’mirlandi. Qolgan kamchiliklarni ham navbati bilan bartaraf qilamiz.

Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbus negizida asosan, yoshlar tarbiyasi yotadi. Shu tashabbuslar asosida yoshlarning kitobga mehrini oshirish, axborot texnologiyalarini o‘rgatish, ularni ham jismonan, ham ruhan sog‘lom qilib tarbiyalash zarur. Viloyat hokimi E.Turdimov yaqinda yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda maktablardagi kompyuterlar va sport jihozlaridan foydalanish uchun sharoit yaratish zarurligini ta’kidlagandi. «Maktablardagi sport inventarlarini avaylab, olib qo‘yish kerak emas, ulardan yoshlar foydalansin. Mayli, eskirib, ado bo‘lsin, yangisini olib beramiz”, degandi viloyat hokimi.

Xo‘sh, viloyat hokimining aytganlari biz borgan maktablarning qay birida amalga oshdi? Afsuski, bunga amal qilgan maktab direktorini uchratmadik. Yoki viloyat rahbarining topshirig‘i maktablargacha yetib bormagan.

Mazkur maktab direktori M.Omonqulova bizni kompyuter sinfi, kutubxona va sport maydonlari bilan tanishtirdi. 16 ta zamonaviy kompyuter bor, ammo internetga ulanmagan, istovchilarga esa foydalanish uchun ruxsat yo‘q. To‘g‘ri, muassasa rahbari xohlovchilar kompyuterdan foydalanyapti, dedi. Ammo mazkur maktab joylashgan Tepa mahallasidagi aholi bilan gaplashganimizda ular ba’zida maktabning futbol maydonidan foydalanishini, biroq kompyuterlar bilan ishlashga mutlaqo ruxsat berilmaganini aytdi. Mahalla raisi Yaxshigul Safarovaning holat bo‘yicha fikrlari bilan qiziqqanimizda u bu vazifada joriy yilning may oyidan buyon ishlayotgani va yoshlar ayni paytda maktabda mavjud imkoniyatlardan foydalanayotganidan bexabar ekanini aytdi.

Maktab kutubxonasi iltimoslarimizdan so‘nggina ochildi. Kutubxona rahbari esa xonasida yo‘q. Yozgi ta’til sabab kelmayotgan bo‘lishi mumkin, biroq direktorning aytishicha “rayono”da (maktablardan kimnidir topa olmasangiz bilingki u “rayono”da bo‘ladi) ekan. Kutubxonadagi ayrim kitoblar pala-partish taxlangan, gazeta va jurnallarning saqlanishi ham talab darajasida emas.   

Yana bir holat. Sport zali va undagi inventarlardan yoshlar foydalanishi kerak. Bu maktabda esa aksincha. Ya’ni, sport zali poli ranglab, chiroyli qilib qo‘yilgan va unda ham oyoq izini ko‘rmaysiz. Sport inventarlari esa kichik bir xonada qalashib, chang bosib yotipti. Undan foydalanishga hech kimning haddi sig‘maydi, shekilli.

Mazkur holat yuzasidan maktab rahbaridan izoh so‘raganimizda «Bolalar bu yerdan muntazam foydalanadi, bugun ham ular mashg‘ulotga kelib ketdi”, degan javobni aytdi.

Tumandagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yangi o‘quv yiliga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan. Maktab sinfxonalari, sport zali o‘quv yiliga tayyorlangan. Maktab hududi ham obodonlashtirilgan va ekin maydonlarining bo‘sh turgan joyi yo‘q. Biroq mazkur maktabda ham yuqoridagi maktabda kuzatilgan kamchiliklarni ko‘rish mumkin.

Kompyuterxonadagi 27 ta kompyuterlarning chang bosib yotganiga qaraganda u yerga yaqin orada hech kim kirmagan. Sport zalidagi inventarlar foydalanishga tayyorlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, afsuski, bu yerga ham yoshlar kiritilmagani shundoq ko‘rinib turipti.

– Maktabga mahalla yoshlari har kun keladi, – deydi maktab direktori Abdurasul Azimov. – Bugun havo issiq bo‘lgani uchun bolalar vaqtli ketishdi. Yigit-qizlar kitoblardan ham, kompyuterlardan ham, sport maydonidan ham foydalanyapti.

Ochig‘i, sport zaliga qarab direktorning so‘zlari haqiqatligiga ishonging kelmaydi. Negaki, mazkur maktab sport zaliga ham yaqin kunlarda birov kirmagani aniq.  

«Maktab sport zali ta’mirlandi, endi hech kimni kiritmayman”

Bu so‘zlarni tumandagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lganimizda muassasa rahbari Akram Orziqulovdan eshitdik. Uning aytishicha, maktabning sport zali yaqindagina ta’mirlangani uchun u yerga yangi o‘quv yili boshlanmaguncha hech kimni kiritmasligini aytdi.

Maktab direktori bu fikrida sobit bo‘lib kelyapti, shekilli, sport zaliga yaqin o‘rtada birov kirmagani ko‘rinib turipti. Sport inventarlari esa chekka bir xonada pala-partish, chang bosib yotipti. Maktab rahbariga kech bo‘lsa-da, viloyat hokimining gapini yetkazdik, amal qiladimi yo‘qmi buni vaqt ko‘rsatadi.

Maktabning joriy ta’miri uchun mahalliy byudjet hisobidan 50 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ayni paytda hojatxonada qurilish ishlari davom etyapti. Sinfxonalar mavsumga tayyor emas. Aksariyat xonalarning yoritkich chiroqlari ishlamaydi, partalarni chang bosgan. Ayrim ishlar «bo‘ladi-da” qabilida amalga oshirilgan. Obodonlashtirish ishlari haqida mutasaddilar o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Atrof begona o‘tlardan tozalanmagan, ortiqcha narsalar talaygina. Shuningdek, foydalanish mumkin bo‘lgan yerlar bo‘sh, tashlandiq holatda yotibdi. Eng achinarlisi, sport maydonlariga hech kim e’tibor qaratmagan.

Tuman markazida joylashgan maktabda 19 ta kompyuter bo‘lsa-da, ular internetga ulanmagan.  Kompyuterxonada quyosh nurini qaytaruvchi pardalar ham yo‘q. Ha aytgancha, maktab binosida bir soatcha turgan bo‘lsak ham kutubxonadagi holatni ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. Direktorning aytishicha, kutubxona rahbari ish bilan “rayono”ga ketgan ekan. «Rayono” xodimlariga yuzlanganimizda esa bu savolga javob ololmadik.

Xullas, yangi o‘quv yili boshlanishiga hali vaqt bor. Shunday ekan, mutasaddi tashkilot rahbarlari bundan xulosa chiqarib, ko‘rsatib o‘tilgan va boshqa muammolarni bartaraf etishga vijdonan yondoshsa, kutilgan natijaga erishish mumkin. Bu esa, albatta, ta’lim sifati va samaradorligiga olib keladi. MAQSADLARIMIZ ham shu aslida.

Abdujabbor PO‘LATOV,

Zarnews.uz muxbiri.