Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpaylik tadbirkor kam ta’minlangan va bemor kishilarga 50 tonna un tarqatdi

Hadislarda yozishlaricha, Payg‘ambarimiz "Meni ko‘rmoq istasang va men bilan suhbatlashmoq istasang beva-bechoraga xayru saxovat qil, dardmandlarning holidan xabar ol, men shularning yonida bo‘laman", degan ekan. Koronavirus infeksiyasi tarqalib, dunyo ahlining halovatidan ayirgan va odamlardan zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik suralayotgan shu kunlarda saxovatli insonlarning xayrli amallari odamlarga xotirjamlik bag‘ishlamoqda.

Xususan, Narpay tumanidagi "Elegant baraka" oilaviy korxonasi boshlig‘i Javohir Xudoyberdiyev korxonaning sof foydasi hisobidan Narpay, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot va Ishtixon tumanida yashovchi kam ta’minlangan va bemor kishilarga 50 tonna un, 4,5 dona non, 15 ming bog‘ isirik tarqatdi.

- Salomatligim yomonligi tufayli ikki oydan buyon to‘shakda yotibman, - deydi Narpay tumani Xalqobod mahallasida yashovchi 78 yoshli Nina Kovaleva. - "Elegant baraka" oilaviy korxonasi rahbar va xodimlari uyimga kelib, 30 kilo un va 4 ta non berib ketishdi.

"Do‘st kulfatda bilinadi", deyishadi. O‘ziga yarasha sinov davri bo‘lgan shu kunlarda shaxsiy manfaatini o‘ylab, ayrim mahsulotlarni uch-to‘rt baravar qimmatiga sotayotgan ayrim kimsalar ushbu korxona ishidan ibrat olsa yaxshi bo‘lardi.

Azim Qodirov.