Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nega talabalar 3 oylik stipendiyasini ololmadi? Samarqand veterinariya meditsinasi instituti munosabat bildirdi

Joriy yilning 11 sentyabr kuni “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi “Mneniye naroda - Xalq fikri” guruhida, shuningdek, “Sizdan telegram” rasmiy-ommabop kanalida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalari nomidan yozilgan shikoyat xati e’lon qilingan.

Unda aytilishicha, institut talabalari 3 oylik stipendiyalarini ololmayotgan bir paytda institut rektori X.Yunusov yangi “Malibu”  avtomobili xarid qilgan. 

Ushbu ma’lumot bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Tan olish lozimki, xatda aytilgan fikrlar qisman to‘g‘ri. Oliy ta’lim muassasasi rektori va oliygoh mutasaddilari buning uchun talabalardan uzr so‘raydi va vaziyatga aniqlik kiritadi.

Ma’lumot internet tarmoqlarida tarqatilgan kunning ertasiga, ya’ni 12 sentyabr kuni talabalarning bir oylik (iyul oyi uchun) stipendiyalari to‘lab berildi.

O‘tgan yillar mobaynida iyul-avgust oylari uchun stipendiyalar kuz mavsumi davomida to‘lab berilganligi talabalarga ma’lum. Shuningdek,  joriy yilning yanvar, iyul oylarida (yil hisobidan ikki marta) o‘qituvchi-professorlarning oylik maoshlari oshirilganligi ham talabalar stipendiyalarining kechikishiga ma’lum ma’noda sabab bo‘lishi mumkin. Ustozlarga maosh to‘lanishi uchun ta’lim muassasasi  “Ipoteka” bankidan 1 milliard so‘m miqdorda kredit olganligini ilova qilamiz.

“Malibu” avtomashinasi masalasiga kelsak, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan moliyalashtiriladi. Qo‘mita raisi B.Norqobilovning 2019 yil 24  iyundagi  43 i/ch-sonli buyrug‘iga ko‘ra, “Malibu 2 A/T” avtomashinasi institut rahbariyatiga taqdim etilgan. Demak, avtomashina institut hisobidan xarid qilinmagan.

Ma’lumot uchun. Odatda talabalar har oy uchun stipendiyalarini oyning 20-sanasiga qadar olishadi. Sentyabr oyi uchun ham shunday tartib amalda. Avgust oyi uchun stipendiya esa mavjud moliyaviy imkoniyatlar hisobga olinib, sentyabr oyining 17 sanasiga qadar to‘lab berilishi qatiy nazoratga olinadi.