Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Noqonuniy tekshirish o‘tkazgan kadastr idoralari xodimlariga ma’muriy chora ko‘rildi

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 15 martdagi “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman)ga o‘tkazildi.

Endilikda Biznes-ombudsman roziligisiz tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi. Tekshirishlarni ro‘yxatga oluvchi Yagona elektron tizimga kiritilmasdan amalga oshirilgan tekshirishlar noqonuniy hisoblanadi va bu qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Biznes-ombudsman tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkazilayotgan tekshirishlarning qonuniyligi, nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlariga rioya etilishi holatlarini doimiy ravishda monitoring qilib boradi. Ushbu sohada qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar aniqlansa, ular qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Biznes-ombudsmanning Samarqandda faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan ham tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkazilayotgan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, o‘tkazilgan o‘rganishlarda Paxtachi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xodimlari tomonidan tumandagi “Sultonobod halol balig‘i” va “Ukrash baliq mahsulotlari” fermer xo‘jaliklari, Narpay tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi xodimlari tomonidan tumandagi “Charxin dalasi” hamda “Rahimjon Bekmurov” fermer xo‘jaliklari faoliyatida ruxsatsiz tekshirishlar o‘tkazilganligi va buning oqibatida fermer xo‘jaliklari rahbarlari noqonuniy ravishda ma’muriy javobgarlikka tortilganligi aniqlandi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 5-bandiga muvofiq, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan yer resurslari va davlat kadastri idoralarining fermer xo‘jaliklari faoliyatida noqonuniy tekshirishlar o‘tkazgan 5 nafar xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2412-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun tegishli sudlarga yuborildi.

Paxtachi va Narpay tumanlari ma’muriy sudlarining qarorlariga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini noqonuniy ravishda tekshirgan xodimlarga nisbatan jarima tarzidagi ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi.

J.TURSUNOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik   sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi bosh inspektori vazifasini bajaruvchi.