Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oqdaryoda ikkita davlat xususiy sherikchilik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat boshladi

Tumanning Yangiobod maxalla fuqarolar yig‘inida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor Mashrab To‘raqulov tashabbusi bilan 75 o‘ringa mo‘ljallangan «Nargiza Nigora» nomli, Po‘latdarxon mahallasida yashovchi tadbirkor Dilfuza Ma’rupova tashabbusi bilan 150 o‘rinli «Millat xazinasi» nomli davlat xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ish faoliyatini boshladi.

Ushbu muassasalar bugungi kunda mahalliy aholining 40 nafar xotin-qizlarini ish o‘rinlari bilan ta’minladi, 225 nafar bolajonlarimizni sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun o‘z bag‘riga oldi.

Bog‘chalarda barkamol avlodlarni har tomonlama rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Jumladan, shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha yakka tartibda va kichik guruh mashg‘ulotlari uchun davolash-jismoniy tarbiya xonasi, jismoniy tarbiya zali, futbol maydoni mavjud, musiqiy ta’lim dasturi esa tuzatish ritmikasi bilan to‘ldirilgan.

Shuningdek, bu muassasalarda psixolog faoliyat yuritib, bolalar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishdan tashqari ota-onalar va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari bilan konsultatsiyalar ham o‘tkaziladi. Bolajonlarning rus va ingliz tillarini mukammal o‘rganishlari uchun zarur sharoitlar, imkoniyatlar yaratilgan.

 Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlarda tuman hokimi F.Abilov, Samarqand viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov ishtirok etdi.

Baxtigul Asrorova.