Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

OTM o‘qituvchisiga ilmiy maqolasiga qarab baho beriladimi?

Hozir oliy ta’limda asosiy ish nimadan iborat? Menimcha, birinchi navbatda mamlakat xalq xo‘jaligi uchun oliy ma’lumotli professional mutaxassislar tayyorlash kerak. Chunki mamlakatimizda aynan shunday kadrlarga ehtiyoj juda yuqori.

Shuning uchun hozir talabga javob beradigan yetuk mutaxassisni tayyorlashga har qachongidan ham e’tiborni kuchaytirish lozim. Vazirlik va mahalliy rahbariyat talab qilayotganidek, skopus jurnallarida maqola chiqarish oliy ta’lim muassasasi (OTM) professor-o‘qituvchilarining asosiy ishi bo‘lsa (mukofot miqdoriga va talabning yo‘nalishiga qaraganda bu asosiy) va uni bajarishga “bor kuchimizni” sarflasak bu bilan tayyorlayotgan mutaxassislarimizning sifati oshadimi? Agar oshsa, talab o‘zini oqlaydi.

Ikkinchidan, skopusda maqola chiqarish va ba’zida 3-4 har xil fandan 800-1000 soat sifatli dars o‘tish mumkinmi? Mumkin bo‘lsa, nechta professor-o‘qituvchi buni uddalaydi? Ular barmoq bilan sanarli bo‘ladi.

Jamiyatdagi savodsizlik OTMlarda ishlayotganlarga ham tegishli. Butun jamiyatimizda bo‘lganidek, ularning ham bir qismi ota-onasining, qarindosh-urug‘ining, tanish-bilishining yoki pulining orqasidan ishga joylashgan. Shuning uchun bundaylar oldin o‘z sohasini, o‘zi dars beradigan fanlarni yaxshi bilishi, talabaning mustaqil ishlashi uchun zarur bo‘lgan o‘quv materiallarini tayyorlashi, talaba bilan ishlashi kerak. Bu ishlarni risoladagidek uddalab, keyin skopusga maqola tayyorlasa bo‘ladi.

Agar men shu rahbarlarning o‘rnida bo‘lganimda edi, kafedra mudiridan falonchi o‘zining ishini sifatli bajaradimi yoki skopus maqolaga hammuallifmi, deb so‘rardim. Agar “pedal” mahkam bosib turilsa, maqolaning moliyaviy tomonini ko‘taradigan, zarur bo‘lganda sotib oladigan “hammualiflar” ham ko‘payadi. Qon-qonimizga singib ketgan hamda keyingi vaqtlarda yangidan quloch yozayotgan qarindosh-urug‘chilik bu yerga ham kirib keladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha “hammualif”lar ham oldinga o‘tkazilsa, ta’limni yana “xudo urdi”, deyavering.

Yana bir marta takrorlayman, OTM professor-o‘qituvchisining asosiy ishi nima, skopusga maqola yozishmi yoki yaxshi mutaxassis tayyorlashmi?

Agar yaxshi mutaxassis tayyorlash bo‘lsa, Siz birinchi navbatda, uning o‘quv materiallari sifatini, pedagogik mahoratini, talabalar orasidagi reytingini tekshiring va shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha unga baho bering hamda aynan shu ko‘rsatkichlarni takomillashtirishga rag‘batlantiruvchi ish qiling.

Zamonaviy universitetlar baribir ilm-fansiz bo‘lmaydi. Ilmiy ishlarga ham e’tibor berilishi kerak. Lekin yuqorida aytilganidek, hammani birdek skopusga majburlash to‘g‘ri siyosat emas.

OTM professor-o‘qituvchisining mehnatiga baho berganda, uning pedagogik faoliyati birinchi, ilmiy faoliyati ikkinchi o‘rinda turishi kerak. Agar mehnatning natijasini 100 ballik mezon asosida o‘lchaydigan bo‘lsak, kamida 60-70 ball pedagogik, 30-40 ball ilmiy faoliyatga berilishi lozim. O‘tgan yil professor-o‘qituvchilarning faoliyatiga baho berishda ta’lim sohasi oldinda bo‘lgan ilg‘or mamlakatlardagidek, talabalarning fikri inobatga olinadi, deyilgandi. Baho berishning bu turini asosiy deb, uning aniqlik darajasini oshirish, ya’ni takomillashtirish kerak, xolos.

Ta’limga mutasaddi bo‘lgan har bir rahbar o‘zgarganda yoki yuqori rahbariyatning og‘zidan gap chiqsa, darhol “aravaning” rulini burishning hojati yo‘q. Rahbar kim bo‘lishidan qatiy nazar oliy o‘quv yurtining asosiy ishi – mamlakat uchun savodli mutaxassis tayyorlash. Agar biz shu ishni uddalasak, skopusga maqola ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi, sababi uni ham savodli odamlar qiladi.

Albatta, aytaversak gap ko‘p. Lekin quyidagilar ham bunga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Fizika, kimyo, biologiya va ularga yaqin bo‘lgan hosila fanlarning aksar qismida ilm qilish tajriba o‘tkazish va zamonaviy asbob-uskunalar bilan bog‘liq. Bunday asbob-uskunalar Toshkentda ba’zi ilmiy-tadqiqot institutlarida bor, xolos. Viloyatlardagi universitetlarda o‘rtamiyona ilm qilish uchun aytarli hech nima yo‘q. Ingliz tilini yetarli darajada bilmasdan va bunday sharoitda tayyorlangan maqola fanga, OTMning reytingiga qanday hissa qo‘shadi? Buning o‘rniga ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirib, o‘z sohasi bo‘yicha bu tilda yozilgan o‘quv adabiyotlarni o‘qisa, malakali kadr tayyorlashda buning foydasi katta bo‘ladi. Bunday sharoitda skopusga maqola yozish uchun hamma matematika va nazariya bilan shug‘ullanishi kerak.

Yana bir masala - til masalasi. Ingliz tilini bilmaslik yangi adabiyotlarni o‘qish va maqola yozishga katta to‘siq. Yangi o‘quv yili uchun tuzilayotgan “o‘quv reja”da ham davlat universitetlarining tabiiy fan yo‘nalishlariga rus tili va xorijiy tilni o‘rganishga bir xil soat ajratilgan. Bu malakali mutaxassis tayyorlash bo‘yicha aytilayotgan gaplarga va skopusga maqola yozish talablariga mos kelmaydi. Ilg‘or mamlakatlarning birortasida tabiiy fan yo‘nalishlarida rus tili o‘qitilmaydi. Axir biz ham gapimizda ulardan o‘rnak olamiz deymizku?! Demak, amalda ham shunga mos ishni qilish kerak. Kirillda o‘qigan ko‘pchilik rahbarlarning “tishi” lotinga o‘tmayapti. Vaholanki, har bir tilni o‘rganish ko‘p vaqt va katta mehnat talab qiladi. Shuni bilib, ko‘rib turib nima uchun o‘zining bolasidan ikki harf, ikki xorijiy tilni o‘rganishni talab qilayapti. Agar vaqt va mehnat ikkiga bo‘linsa, tillarning birortasi yetarli darajada egallanmaydi.

Oliy ta’lim vazirligi va OTMlarga rahbarlik qilgan ba’zi rahbarlar o‘zining professor-o‘qituvchilar mehnatini noto‘g‘ri baholash siyosati bilan ta’limga katta zarar yetkazdi.

Ilmiy faoliyatning natijasini baholashning qiyinchiligi yo‘q. Xalqaro va mahalliy ilmiy jurnallarda chop qilingan maqolalar, tezislar soni, ilmiy ishiga rahbarlik qilgan fan nomzodlari va doktorlarining soni, ilmiy kengashlarga a’zolik, monografiyalar va hokazo. Ilmiy ishlarning bir qismi bir tiyinga qimmat bo‘lsa ham “ko‘zga ko‘rinib” turadi “hisoblash” oson. Pedagogik faoliyatni esa aniq “o‘lchaydigan” tarozi, tarozibon va tosh yo‘q. Yetuk pedagoglarning faoliyatini baholash esa san’atkorning san’atini baholashday gap. Lekin, baholash kerak, baholasa bo‘ladi. Ta’lim rivojlangan mamlakatlarda buni bir necha asrdan beri uddalab kelishyapti.

Bitta misol aytay. Fizika fani tarixida angliyalik olim Pol Andriyen Moris Dirakning alohida o‘rni bor. U fizika bo‘yicha Nobel mukofoti olganda 31 yoshda bo‘lgan. Fizika bo‘yicha Nobel mukofotining laureati Abdus Salam Dirakni eslab quyidagilarni ta’kidlagan: “Pol Dirak so‘zsiz nafaqat ushbu, balki xohlagan 100 yillikning ulug‘ fiziklaridan biridir. Hal qiluvchi 3 yilda, ya’ni 1925, 1926 va 1927 yillarda o‘zining uchta ishi bilan u, birinchidan, bir butun holida kvant fizikasining, ikkinchidan, maydon kvant nazariyasining va uchinchidan, elementar zarrachalar nazariyasining asoslarini yaratdi. Bu 100 yillikda fizikaning rivojlanishiga bunday qisqa vaqtda, Eynshteynni hisobga olmaganda, boshqa biror inson Dirak kabi hal qiluvchi ta’sir o‘tkazaolgani yo‘q”.

Albatta bunday ulug‘ olimning yuksak martabaga erishishida kimlar uni o‘qitgan, unga kimlarning ta’siri katta bo‘lgan, degan tabiiy savol tug‘iladi. Bu savollarga Dirakning o‘zi inglizchadan tarjima qilib, 1990 yilda “Nauka” nashriyotida rus tilida chop qilgan “Vospominaniya o neobichaynoy epoxe” [Ажойиб (ғаройиб, сирли) давр ҳақида эсдаликлар] kitobida javob beradi.

Ushbu kitobda Pol Dirak quyidagilarni yozgan. “Bristol universitetining muxandislik kursini tugatganimdan keyin men yana 2 yil matematikani o‘rganish uchun shu yerda qoldim. Bu vaqt mobaynida P.Freyzer menga eng katta ta’sir ko‘rsatdi. Freyzer hech qachon tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanmagan va birorta ilmiy maqola yozmagan matematik edi. Lekin u o‘z o‘quvchilarida matematika asoslarini o‘rganishga chinakam qiziqish uyg‘ota oladigan tengsiz o‘qituvchi edi.

Freyzer meni 2 narsaga o‘rgatdi. Birinchi navbatda, u meni matematikaning qat’iyligiga (hech nimani tashlab yubormasdan hisobga olishni) o‘rgatdi. Men Freyzerdan o‘rgangan ikkinchi narsa - proyektiv geometriya bo‘ldi. Proyektiv geometriya menda o‘zining matematik nazokati bilan kuchli taassurot qoldirdi. Bundan tashqari, proyektiv geometriyaning usullari katta imkoniyatlarga ega va hokazo”.

Dirak kabi xudo bergan iqtidor sohibiga biror narsani o‘rgatib, uning kelgusi faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Kimga kim qayday ta’sir ko‘rsatganini esa uning o‘zidan boshqa hech kim yaxshi bilmaydi. Dirakning yozishiga qaraganda, P.Freyzer birorta ilmiy maqola yozmagan. Oramizda savodli, o‘zining bilimi, pedagogik faoliyati bilan shogirdiga katta ta’sir ko‘rsata oladigan bunday kamtar o‘qituvchilar, repetitorlar ham kam emas.

Ko‘pchilik rahbarlar ko‘pincha yuksak titullarga ega bo‘lganlarni “ko‘rib”, P.Freyzerga o‘xshaganlarni “ko‘rmaydi”, qadriga ham yetmaydi. Agar P.Freyzer bizning OTMlarda bo‘lganda edi magistr nari tursin, hatto bakalavrga ham ma’ruza o‘qiy olmasdi. Shuning uchun, bizning OTMlarda ham normal jamiyatlardagidek pedagogning bahosini qadr-qimmati noma’lum ilmiy ishini sanab emas, balki u o‘qitgan shogirdlar qo‘yadigan baho bilan o‘lchash kerak. Ayniqsa, hozirgi vaqtda OTMlarning va talabalarning soni tez ko‘payishi munosabati bilan falsafa doktorlari ham ko‘paydi. Albatta, ularning orasida bu nomni oqlaydiganlar, munosiblar ancha. Lekin savodi bo‘shlar ham kam emas. Agar yaxshilab qaralsa, ularning ba’zilari “o‘zbekchiligimizning” ortidan, ba’zilari esa bakalavriatni, magistraturani “uch”ga bitirib doktorlikni yoqlayapti.

O‘qituvchilik faoliyati adolatli baholanmagani, qadriga yetilmaganiga yana bitta yorqin misol, bizning oliy ta’lim tizimimizda fundamental tabiiy fanlar bo‘yicha professorlik unvoni asosan doktorlik ilmiy darajasiga ega bo‘lganlarga (hamda talabaga bir soat ham dars o‘tmagan rahbarlarga) berilardi. O‘zining chuqur, keng bilimi va yuksak pedagogik mahorati katta tajribasi bilan bu unvonga loyiq bo‘lgan qanchadan-qancha dotsentlar uni ko‘rmasdan o‘tdi. Sababi, ularning “aybi” ilmiy darajasi fan nomzodi edi, xolos. Vaholanki, Rossiyaning va boshqa ilg‘or mamlakatlarning OTMlarida fan nomzodi bo‘lgan professorlar kam emas. Pedagogik faoliyatni adolatli baholay olmasdan turib, hech qachon yaxshi mutaxassis chiqara olmaymiz.

A.QUVVATOV,

SamDU dotsenti.