Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston va Yaponiya yangi avtomobillar ishlab chiqarish imkoniyatlarini muhokama qildi

Yaponiyaning “Itochu” kompaniyasi O‘zbekiston bilan yangi avtomobillar ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatini muhokama qildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar qildi.

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Yaponiyaga tashrifi doirasida "Mitsubishi Corporation", "Marubeni Corporation" va "Itochu Corporation" kabi yirik kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ta’kidlanishicha, “Itochu” kompaniyasi bilan ichki bozor ehtiyojlarini qondirish va uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish darajasini ko‘tarish hisobiga O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kuchaytirish mexanizmlari ishlab chiqilgan.

“Shuningdek, Yaponiya tarafi avtomobilsozlik mahsulotlarining yangi segmentlarini o‘zlashtirish taklifini qiziqish bilan qabul qildi”, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda o‘zaro amalga oshirilayotgan loyihalarning holati bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar muhokama qilindi va kompaniyalarning O‘zbekistondagi loyihalar portfelini yanada kengaytirish yo‘llari ishlab chiqildi.