Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Paxtachi tumanining sobiq hokimi I.Yusupov oqlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudining 2015 yil 4 noyabrdagi hukmiga asosan I.Yusupovga:

O‘zbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi 1-qismi bilan JKning 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi;

JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan JKning 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi;

JKning 59-moddasi tartibida, tayinlangan jazolar qisman qo‘shilib, uzil-kesil 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, I.Yusupov 2009 yil 18 dekabr kunidan 2012 yil 9 avgust kuniga qadar Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimi lavozimida ishlab kelib:

- Dehqon bozori direktoridan 2011 yil iyun oyidan 2012 yilning avgust oyiga qadar har oy o‘rtacha 85.715 so‘m miqdordagi jami 1.200.000 so‘mlik turli xil qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan iborat bo‘lgan bozorliklarni tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olganlikda;

- Dehqon bozorining direktori 2011 yilning dekabr oyida narxi 250.000 so‘m bo‘lgan qo‘y go‘shtini tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olganlikda;

- Paxtachi tumani hokimligi ma’muriy binosi yonida joylashgan oshxonada jami bo‘lib 150.000 so‘mlik taomlar bilan ovqatlanib, taomlar uchun o‘zi to‘lov qilmasdan, dehqon bozori direktoriga to‘lattirib, ushbu 150.000 so‘m pullarni tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olganlikda;

- Dehqon bozori direktoridan 2012 yilning 29 fevral kuni narxi 50.000 so‘m bo‘lgan qora rangli “Panasonic” rusumli statsionar telefon apparatini qabulxonasiga qo‘yish uchun tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olganlikda;

- 2012 yilning may oyi boshlarida 9 may - Xotira va qadrlash kuni bayrami nishonlanishi munosabati bilan ushbu tadbirni o‘tkazish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kelib berish haqida dehqon bozori direktoriga qonunga zid ravishda og‘zaki topshiriq berib, 300.000 so‘mlik qishloq xo‘jalik mahsulotlarini tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olganlikda;

- 2012 yil mart oyining boshlarida tumanda 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami nishonlanishi munosabati bilan ushbu tadbirni o‘tkazish uchun tumandagi “Ziyovuddin tolasi” OAJ boshqaruv raisini xizmat xonasiga chaqirib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, homiy sifatida ushbu tadbirni o‘tkazish uchun 300.000 so‘m berish to‘g‘risida qonunga zid ravishda og‘zaki topshiriq berganlikda;

- 2012 yilning iyun oyida Mustahkam oila yili munosabati bilan kam ta’minlangan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda bolalarning ma’naviy va intellektual rivojlanishiga qaratilgan ijtimoiy loyiha doirasida o‘tkazilgan “1000 ta to‘y” aksiyasi munosabati bilan ushbu tadbirni o‘tkazish uchun tumandagi “Ziyovuddin tolasi” OAJ sobiq boshqaruv raisi hamda tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokorini xizmat xonasiga chaqirib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, mavqeidan foydalangan holda, homiy sifatida ushbu tadbirni o‘tkazish uchun jami 1.500.000 so‘m berish to‘g‘risida qonunga zid ravishda og‘zaki topshiriq berganlikda aybli deb topilgan.

I.Yusupov sud hukmidan norozi bo‘lib, kassatsiya shikoyati keltirganligi sababli jinoyat ishi Samarqand viloyati sudining kassatsiya instansiyasida sud tergovi o‘tkazish yo‘li bilan ko‘rib chiqildi.

Viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida I.Yusupovga qo‘yilgan ayblovlar taxmin va farazlarga asoslanganligi ma’lum bo‘lib, uning aybsizligi o‘z isbotini topdi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22-moddasida tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shartligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanganni ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozimligi qayd etilgan.

Mazkur qonun talabi buzilganligi sababli sud hukmi bekor qilinib, I.Yusupov O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi va 205-moddasi 1-qismi bilan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan aybsiz deb topilib, oqlandi.

2019 yil 10 noyabr holatiga jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudlari tomonidan 31 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingan, deb xabar bermoqda JIB Samarqand viloyati sudi.