Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident yangi farmoni o‘qituvchilarni rag‘batlantirishga qaratilmoqda

Xalq ta’limi sohasini tubdan isloh qilish, tizimdagi muammolarni hal etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar jamiyatda o‘qituvchi obro‘sini oshirib, istiqbolli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Ta’lim tizimida tub burilish yasashi e’tirof etilayotgan “Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

- Mazkur hujjat orqali o‘qituvchini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish, o‘qituvchining oilasidan, moddiy ta’minotidan xotirjam bo‘lib, bor salohiyatini ta’lim sifatiga qaratishi, faoliyatiga ijodiy yondashishiga sharoit yaratilayotgani quvonarlidir, - deydi Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov. - Ayniqsa, fan o‘qituvchilarini metodik qo‘llab-quvvatlashda eng muhim bo‘g‘in bo‘lgan metodistlar malaka va tajribasini qayta ko‘rib chiqish, shu bilan birga, ularning ish haqi miqdori oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtirilayotgani ta’lim sifati yanada oshishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, 2024 yilga qadar yuqori natijalarga erishgan pedagoglarning oylik maoshi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha bosqichma-bosqich oshirilishi ham soha xodimlarini o‘z ustida astoydil mehnat qilishga undaydi.

Mazkur farmon loyihasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish bo‘yicha 3 kun davomida joylardan takliflar olindi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ham ko‘plab taklif (bandlarga qo‘shimcha va o‘zgartirish)lar ilgari surildi.

- Farmon loyihasi bilan tanishib chiqqanimizdan so‘ng biz, o‘qituvchilar ham o‘z takliflarimizni bildirdik, - deydi Payariq tumani 71-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ona tili o‘qituvchisi Gulshan Saidova. - Loyihaning 4-bandi quyidagi mazmunda to‘ldirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi: “Maktab o‘quvchilari uchun onlayn tizimda o‘quv darsliklarini avtomatlashgan tartibda taqsimlashning dasturiy ta’minotini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

- o‘quvchilar tomonidan yo‘qotilgan va yaroqsiz holatga kelib qolgan o‘quv darsliklarini xarid qilish uchun Xalq ta’limi vazirligi har bir viloyat markazida bittadan kitob do‘konlarida darsliklar sotilishini tashkil etish”.

Endi deputatlar ham maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda bevosita ishtirok etib, direktorlar faoliyatiga xolisona baho beradi.

Xurshida Ernazarova.