Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qachongacha biz bir qadam oldinga yursak, ikki qadam orqaga qaytaveramiz...

Korrupsiyaga barcha qarshi, lekin pulni ko‘pchilik yaxshi ko‘radi. Bir-birini yenga olmayotgan ana shu qarama-qarshilik korrupsiya tegirmoniga suv quyayotgani aniq, deb yozmoqda O‘zA.

Eng achinarlisi, hech qachon ochilmaydigan, e’tibor bering, hech qachon ochilmaydigan jinoyatlarning aksariyati ana shu korrupsiya bilan bog‘liq. Alam qiladigan tomoni shundaki, ko‘pchiligimiz biladigan bunday jinoyatlar qarindoshimiz, qo‘shnimiz, qadrdonimiz hayotida sodir bo‘lmoqda. Lekin uni ochishga hech birimizning jur’atimiz, jasoratimiz yetmaydi... 

Xuddi mana shu illat tufayli qancha-qancha taqdirlar yomonlikka tutashgan, qancha-qancha orzular sarobga aylangan. Shu illat tufayli qancha-qancha odamlarning adolatga ishonchi yo‘qolgan, haqiqatdan ko‘ngli qolgan.

Qulog‘imizga har kuni yo‘lda, ko‘cha-kuyda chalinadigan mana bu haqiqatlarni oshkor qilishga jabrlanganlarning taqdiri yo‘l bermaydi: Chunki ular pora bilan ishini bitirgan, oshkor qilsak, puldanku ayrildi, endi ishdan ham ayrilishi mumkin. 

-Qizim tibbiyot kollejini tugatganiga ikki yildan oshdi. Qishloqda biror joydan ish topilmadi. Oxiri ro‘zg‘orimizni boqib turgan sigirimizni sotib, puliga uni shahardagi poliklinikalardan biriga ishga joylashtirdik. Oylik maoshi 300 ming so‘m. Ajabo, oylik maoshi yo‘l xarajatiga ham yetmaydigan ishga joylashish uchun bir sigirning puli ketsa? 

- Qizim kollejni tugatib, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmadi. Umri bekor o‘tmasin, deb biror bolalar bog‘chasida ishlab tursin desak, ancha sarson bo‘lib, ilojini faqat “gaplashish” orqali topdik. 

Darvoqe, “gaplashish”ning o‘z narxi-navosi, bahosi bor. Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida 6 milliondan boshlanadi (agar hozir yana oshmagan bo‘lsa), maktabgacha ta’lim muassasalari ham undan qolishmaydi. Maktab va kollejlarning narxi esa ancha balandroq. Zavod va fabrikalarning narxu navosi “ko‘k”arib ketgan. 

Kechagina hatto bolangizni bog‘chaga joylashtirish uchun ham rangingiz qancha sarg‘ayardi. Ariza bergan bolangiz maktabga qadam qo‘yadigan yoshga yetganida ham goho bog‘chadagi navbatingiz kelmaganiga hayron qolardingiz. Sizdan keyin navbatda turganlar esa allaqachon “yo‘lini qilib” bolasini joylashtirardi. Xayriyat, bu muammoga davlat xizmatlari markazlari yordamida chek qo‘yildi. 

Afsuski, hali ochilmaydigan jinoyatlar juda ko‘p. Agar pora bo‘lmasa, juda ko‘p hollarda ko‘zlangan maqsadingiz sari bir qadam ham qo‘ya olmasligingiz aniq! 

Nahotki, pora zamon “talabi”ga aylangan bo‘lsa? Porasiz ish bitmaydigan bo‘lib qoldi. Ishonmaysizmi? Qaysi birini aytaylik. Bankdan imtiyozli kredit olish uchun “yugur-yugur”u “ber-ber”larnimi? Yoki ko‘p qavatli uy yoki turli shoxobchalar qurmoqchi bo‘lsangiz davlatdan tashqari, yerning o‘z “ega”laridan ham sotib olishingiz kerakliginimi? Jismoniy imkoniyati cheklangan, yordamga muhtojlarga beriladigan uyni to‘rt muchasi sog‘lar olib ketayotganliginimi? Ikki yilda ijro qilinmagan ba’zi hokim qarorlarining pora bilan bir haftada bajarilganliginimi? Qay birini aytaylik?! 

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi “Ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek, yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi 14-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari ham pora bilan o‘lchanayotgani xalqning ishonchini yo‘qotmoqda. 

Hukumat kattagina amal, qo‘sha-qo‘sha xizmat mashinalari berib, xalqning dardini eshitsin, ularning muammosini yechsin, deb ishongan ba’zi mansabdorlar issiq-sovuq kunlarda eshigida yupun kiyimda dildirab turgan bechora muhtoj odamni sarson qilib, ta’ma qilishini kechirib bo‘ladimi? Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerakligini ular nahotki unutgan bo‘lsa? 

Yoki oilasida nogiron bolasi borlarni yo‘qlash borasidagi ko‘zbo‘yamachilik ham xalqning qalbiga ozor bermoqda. Nogironga arzimagan bir hovuch shirinlik ehson qilishga kelgan deputatu mahalla mas’ullarining viqor bilan o‘z “xayr saxovat” larini suratlarga muhrlab, turli ijtimoiy tarmoqlar orqali maqtanishlarini, ko‘pirtirib hujjatlashtirishlarini qanday baholash mumkin? Ochilmaydigan jinoyatlar mish-mishini qilni qirq yoradigan huquq tartibot idoralari xodimlari nahotki eshitmayotgan bo‘lsa, deysizmi? 

Haqli savol. Yuzlab odamlar boshidan o‘tkazayotgan bu holatlarni kerakli idoralar eshitmagani kishini taajjublantirishi tabiiy. Balki ular eshitib, pora berganning o‘zi aybdor, deb ta’na qilayotgandir. To‘g‘ri, qonunlarimizda pora olgan ham, pora bergan ham jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan. Ammo pora berish majburlikdan xufiyona bo‘lgani uchun pora olganning jinoyati ochilmasligi aniq. Jonidan o‘tganlar bir yarim huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmasa, aksariyat hollarda “yopig‘liq qozon yopig‘ligicha“ qolaveradi... Pora daraxti esa ildiz otib, ko‘kka bo‘y cho‘zaveradi... Bu illat bor ekan, biz bir qadam oldinga yursak, ikki qadam orqaga qaytaveramiz... 

Marusa HOSILOVA, jurnalist.