Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qaysi mavzuni yoritishimiz muhokamasi “Kun.uz”ga qolmagan

Gap “Kun.uz”da 27 iyul kuni e’lon qilingan Har hokim almashganda shu bo‘lar takror: Samarqandda do‘konli bekatlarga «buldozer» keladiganga o‘xshaydi” sarlavhali maqola ustida bormoqda.

Biz, ochig‘i, muallifi ko‘rsatilmagan maqoladan maqsad nima ekanini tushunmadik.  ...“bekatlarda do‘kon bo‘lishi qanday salbiy oqibatlar keltirib chiqarayotgani bilan tanishishning iloji bo‘lmadi” deyilgan. Agar tanishmagan bo‘lsangiz, nega munosabat bildirasiz? Agar tanishishni xohlaganingizda maqola chop etilgan gazetaning qachon chiqqani hokim o‘rinbosarining munosabatida ham qayd etilgan edi. Qolaversa, ushbu maqola Zarnews.uz saytida 5 iyul kuni boshqa sarlavha bilan (“Bekat osmondan tushganmi? Yoxud savdo majmuasiga aylangan bekatlar xususida”) berilgan. Noma’lum “muallif” istaganida buni ham topib ko‘rishi mumkin edi.

Samarqandda yuzlab bekatlar bor. Keyingi yillarda Samarqandda tramvay qatnovining yo‘lga qo‘yilishi tufayli shaharning Beruniy, Buyuk ipak yo‘li, Sartepa, Rudakiy ko‘chalarida bekatlar buzilib, qayta qurildi, xolos. Qolgani ilgari qanday bo‘lsa, o‘sha holatda turibdi. “Zarafshon” gazetasi va Zarnews.uz’da berilgan materialni o‘qigan birinchi sinf o‘quvchisi ham oson tushunadi: Misol uchun, Rudakiy ko‘chasida “Nurli yo‘l”, “Dahbed”, “Buyuk Turon” singari bekatlarda yo‘lovchilar uchun yetarli sharoit yo‘q. Bekat tadbirkorlarning mahsulotlari bilan egallangan. Gagarin ko‘chasidagi bekatlarda ham bu kabi holatlarni kuzatishingiz mumkin. Shahar chetida yoki yo‘lovchi ko‘p to‘planmaydigan bekatlar esa tadbirkorlar bilan birga mutasaddilarning ham e’tiboridan chetda qolgan. Ularning aksariyati hatto ta’mirlanmagan”.

Hokimlar bilan “o‘yinga kirgan” yoki ular bilan “hisob-kitob” qilmoqchi bo‘lgan muxbir gazetani, bizning saytni o‘rtaga qo‘shib nima qiladi? Nufuzli saytning vakili fol ochgandan ko‘ra maqolani o‘qiganida tadbirkorlarning “aslo o‘zboshimchalik bilan” emas, “shahar hokimligining qaroriga asosan” do‘kon qurgani haqida ham mulohazalar bildirilganiga guvoh bo‘lardi:

“Bekatlarning do‘konga aylantirib yuborilishida “bekat-do‘kon” egalari ayblanmoqda. Bu noto‘g‘ri demoqchi emasmiz. To‘g‘ri, bekatni savdo markaziga aylantirgan tadbirkorlar noqonuniy ish qilgan. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borligini yoddan chiqarmaslik lozim. Demoqchimizki, bekatlar tayyor holida osmondan “lop” etib tushib qolmagan.

Bunday deyishimizga sabab bor, albatta. Do‘konga aylanib ketgan bekat loyihasini qurilish boshqarmasi ko‘rmaganmi? Ular ko‘rmasa, nega loyihani ekspertizadan o‘tkazgan tashkilot bu holatga ko‘z yumib, tasdiqlab bergan?

Mayli bekatlar “egalari” bu tashkilotlardan qandaydir yo‘l bilan loyihani o‘tkazishgandir, ammo unga egalik huquqini chiqarib bergan shahar hokimligi qayerga qaragan?”

Maqolada Samarqand shahridagi bekatlar haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa-da bunday holat boshqa tuman va shaharlarda ham mavjud. Shu bois xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining joriy yilning 27 fevral kuni o‘tkazilgan oltmish ikkinchi sessiyasida muhokama etilgan “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining Samarqand shahridagi ijrosi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan qabul qilingan qarorda shahar, tuman hokimlariga tuman markazlari va yirik qishloq joylarida avtobekatlar qurish, borlarini ta’mirlash choralarini ko‘rish vazifasi topshirilgan.

Samarqand viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat bosh arxitektori tomonidan 2019 yil 29 may kuni shahar va tuman qurilish bo‘limlari boshliqlariga quyidagi xat yuborilgan:

 

“Viloyatning bosh nashri shu narsani ko‘tarib chiqqani” boisi mana shunda. Umuman, qaysi mavzuni ko‘tarib chiqishni tahririyat o‘z o‘quvchilari, jamoatchilik fikriga tayanib amalga oshiradi va bu aslo “Kun.uz”ni tashvishlantirmay qo‘ya qolsin.

Muallif qaysi avtobekatdagi tadbirkorning jabr ko‘rganidan ayyuxannos solayapti? Axir shahar hokimi o‘rinbosari javobida “...yangidan tashkil etiladigan bekatlarni shahar hokimligi mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan tashkil etish belgilab olindi” deyilganku!

Yana bir gap, salgina farosatli muxbir tanqidiy maqola chiqqandan 22 kun o‘tgandan keyin kelgan javobni hokimlikning “labbay”i deb qabul qilmaydi? Qolaversa, hokimlik javobida  “...tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan shahardagi bekatlarni xatlovdan o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida tahririyatga qo‘shimcha ma’lumot taqdim etib borilishini ma’lum qilamiz” deb yozilgan. Shu sababli ham muallifsiz maqoladagi “kuyunchaklik” “podadan oldin chang chiqarish”mi, “qo‘rqqan oldin musht ko‘tarish”mi - nima ekanini tushunmadik. Ushbu “jasorat”ga jazm etgan muxbir Samarqand shahridagi bekatlarga mashina oynasidan bir qarab o‘tsa, holatga o‘zi guvoh bo‘ladi.

Bizningcha, nufuzli saytga “Shaharda hal qilinishini yillar davomida kutayotgan shuncha muammolar mavjud bo‘la turib viloyatning bosh nashri shu narsani ko‘tarib chiqqani, hokimlik esa darrov «labbay» deb bekatlar uchun ishchi guruhi tuzishi biroz ajablanarli, albatta,” degan xulosa berish yarashmaydi. Muxbir qiziqqonlik qilgan bo‘lishi mumkin, ammo tahririyat mutasaddilari bu haqda jiddiy o‘ylashi kerak edi. Bizning faoliyatimizni o‘quvchi baholagani ma’qul. Tanqid ham zardali emas, pardali bo‘lsin, aziz hamkasblar!

F.TOShEV.