Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qayta hisoblangan pensiya va non uchun kompensatsiyani kimlar olyapti?

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari  pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlari tomonidan 367 ming 245 nafar pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Bu yurtdoshlarimizning 277 ming nafarga yaqini yoshga doir, 35 ming nafari nogironlik, 19 ming nafardan ortig‘i boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oladi. Shuningdek, ayni paytda viloyatimizda 70 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 2258 nafar front ortida mehnat qilgan pensionerlar mavjud. Har oyda o‘rta hisobda viloyat bo‘yicha 218 milliard 990 million so‘m pensiya va nafaqa to‘lovlari to‘lab beriladi.

Prezidentimizning 2018 yil 12-dekabrda qabul qilingan “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2019 yil 1-yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanmoqda. Shu paytgacha viloyatimiza 8170 nafar pensionerlar ishlar va ulardan 5556 nafari pensiya pulining ellik foizini olar edi. Joriy yilning 1-yanvaridan ular ham pensiya pullarini ish joylari orqali to‘liq olish huquqiga ega bo‘ldi. O‘tgan yil ishlovchi pensionerlarga bir oyda o‘rta hisobda 5 milliard 484 million so‘m xarajat qilingan bo‘lsa, endilikda barcha ishlovchilarga to‘liq miqdorda pensiya to‘lash hisobiga bir oyda o‘rtacha 8 milliard 347 million so‘m mablag‘ sarflanadi.

Yana bir e’tiborli tomoni, ushbu farmon bilan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan o‘n barobariga oshirildi. Bu ham ko‘plab pensionerlar oladigan pensiyaga qo‘shimcha mablag‘ qo‘shish imkoniyatini berdi.

Misol uchun, ish staji 40 yil bo‘lgan erkak pensionerning pensiya pulini hisoblash uchun aniqlangan o‘rtacha oylik ish haqi 4 million so‘mni tashkil qiladi, inobatga olingan qismi eng kam oylik ish haqining sakkiz barobari (1 621 840 so‘m) miqdorda belgilangan. Pensiya miqdori esa 1 135 288 so‘mni tashkil qilgan (25 yil talab etilgan ish staji (55 foizi) va 15 yil ortiqcha ish staji uchun 1 foizdan oshirish).

Shu pensiya yangi mezon asosida qayta ko‘rib chiqilganda joriy yil 1-yanvardan 1 419 110 so‘mni tashkil etadi. Bunda eng kam oylik ish haqining o‘n barobari – 2 027 300 so‘mdan  pensiya  miqdori hisoblab aniqlanadi (2027300 x 70 foizi =1419110 so‘m)

Viloyatda shu toifadagi yuqori oylik ish haqiga ega bo‘lgan pensionerlar 44 ming 873 nafarni tashkil  qildi va ularning pensiya puli qayta hisob-kitob qilinib, yanvar oyida oshirilgan holda to‘lovga chiqarildi.

Bundan tashqari, ayni paytda Samarqand viloyatida 112 mingdan ortiq pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchi fuqaro Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 sentyabrdagi “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida kompensatsiya puli olmoqda.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2018 yil 1-oktyabrdan boshlab yoshga doir, nogironlik bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi, bolaligidan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta va 16 yoshgacha nogiron bolalarga nafaqa, shuningdek, yoshga doir pensiyaning belgilangan miqdoridan kam pensiya va nafaqa bo‘yicha har bir oluvchiga respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanishi joriy etildi.

Masalan, pensioner bugungi kunda 395 850 so‘m yoshga doir (to‘liqsiz staj bilan) pensiya olib turibdi va bu yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan kam (yoshga doir pensiyaning belgilangan miqdori 2018 yil 1-noyabrdan boshlab 396 500 so‘m). Shu sababli bu fuqaroga kompensatsiya puli tayinlanib, to‘lab beriladi.

Darvoqe, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet mo‘ljallari to‘g‘risida”gi Qarori bilan yuqorida keltirilgan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13-sentyabrdagi 731-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshiga qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, OIVni yuqtirib olgan 18 yoshgacha bolalarga nafaqa oluvchilarga ham 2019 yil yanvardan qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiya to‘lanishi joriy etildi.

A.RAHIMOV,

byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi

viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.