Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘mondon ko‘rsatmasi bilan zominlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashayotgan uy ta’mirlandi, jihozlandi (foto)

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Oybek Saidov ko‘rsatmasi bilan zominlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Pirnazar ota Ahmedovning uyi ta’mirlanib, xonadon jihozlab berildi. Bu haqda harbiy jurnalist, kapitan G‘ayrat Madrahimov ma’lum qildi.

30 yanvar kuni okrug qo‘mondoni birinchi marotaba Zomin tumani, Pishag‘ar qishlog‘iga tashrif buyurib, 98 yoshga kirgan urush faxriysi bilan suhbat qilgandi. Uchrashuvdan so‘ng qo‘mondon Pirnazar ota yashayotgan uy nurash arafasida turganligi, xona esa zax bosganini aytib, uyni yangidan ta’mirlashga ko‘mak berilishini ta’kidlagandi.

Oradan qisqa vaqt o‘tib, ya’ni 29 fevral kuni okrug qo‘mondoni, harbiy xizmatchilar, mahalla faollari hamda yoshlar hamrohligida Pirnazar ota yangi uyga ko‘chirildi. U yashaydigan xonadon esa shinam va yorug‘, shu bilan birga zamonaviy uy jihozlari bilan ta’minlandi. Shu kuni urush faxriysi xonadonida hashar ham uyushtirildi. Harbiy orkestr ijrosida jangovar kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Ma’lumot o‘rnida, Pirnazar ota Ahmedov urushdan kichik serjant unvoni bilan qaytib kelgan. Uning 7 farzandi, 42 nevara, 92 evara hamda 5 nafar chevarasi bor. Bundan tashqari, Jizzax viloyati, Zomin tumanida 9 nafar urush qatnashchisi yashaydi. Ularga harbiylar tomonidan moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda.