Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Sabotaj” deyishdan avval masala mohiyatini anglash kerak

Axborot tarqatishda ishlatilgan har bir so‘z va ibora mantiqiy asosga ega bo‘lmog‘i lozim. Shuning uchun ham biz Xalq ta’limi vazirining kun.uz muxbiri savoliga bergan javobida samarqandlik o‘qituvchilarning xarid cheki yig‘ish aksiyasidagi ishtirokini “Prezident topshirig‘iga nisbatan sabotaj” deb atashini mutlaqo o‘rinsiz, deb hisoblaymiz.

Bu aksiya nafaqat Samarqandda, balki butun respublikada soliq to‘lovi qamrovini kengaytirish maqsadida o‘tkazilmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi veb-saytida ham bu haqda ma’lumot bor. Eng faol targ‘ibotchilar rag‘batlantirilmoqda. Ta’lim muassasalari rahbarlari mukofot olish uchun jamoasini ishdan keyin yoki tushlik paytida aksiyaga jalb etgan bo‘lsa, buning nimasi yomon yoxud nimasi noqonuniy?

Qolaversa, viloyatga “Prezident topshirig‘i sabotaj qilinyapti” deb iddao qilishga nima asos bor? O‘qituvchini himoya qilayotgan idora, avvalo, uning mamlakatdagi o‘zgarishlardan, ta’limdagi yangiliklardan xabardor qilishi, ijtimoiy hayotga faol jalb etishi zarur emasmi? Axir ijtimoiy faol bo‘lmagan, majburiy obuna mumkin emas, degan bahona bilan matbuot nashrlariga ko‘z yugurtirmagan, malaka oshirish kursi test sinovlarida aksariyati “3” baho olgan muallimlardan o‘quvchi nimani o‘rganadi?

Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ahmedov masala muhokamasiga to‘plangan rahbarlardan o‘z xodimlariga xariddan keyin chek olishni eslatib turishlarini so‘ragan, bu haqda hech bir ta’lim muassasasi rahbari yoki shu soha mutasaddilariga qat’iy topshiriq, vazifa berilmagan. Xo‘sh, bunday odat o‘qituvchiga, umuman, har bir xaridor, iste’molchiga zarar keltiradimi?

Shuning uchun masala mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilgandan ko‘ra, uning mohiyatini tushunib, keyin fikr bildirish o‘rinli bo‘lar edi, deb hisoblaymiz.