Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida tashkil etilgan “Karera kunlari – 2019” mehnat yarmarkasi samarali bo‘ldimi?

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “Karera kunlari – 2019” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

2018-2019 o‘quv yilida mazkur oliy o‘quv yurtining bakalavriat va magistratura bosqichini 646 talaba bitiradi.

– Bitiruvchilarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori M.Po‘latov. –  Shuning uchun har yili ushbu yarmarkani tashkil etish an’anaga aylangan. Bunda bitiruvchilarni sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, iqtisodiyot, bank, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida yaratiladigan yangi ish o‘rinlari bilan tanishtirish, mutaxassisligiga mos kasb tanlashga ko‘maklashish maqsad qilingan.

Mehnat yarmarkasida 62 ta korxona, tashkilot va tadbirkorlik sub’yektlari 200 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Ish beruvchilar tomonidan korxonada yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumot berildi.

– Tadbirda korxonalar tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari, u yerdagi mehnat sharoitlari bilan tanishdim, – deydi SamISI iqtisodiyot va menejment fakulteti 4-bosqich talabasi Alimardon Davirov. – O‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchi “Jomboy OIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan mutaxassisligim bo‘yicha ish topdim. Hisobchi vazifasida ishlash uchun tashkilot bilan uch tomonlama shartnoma imzolandi. 

Yarmarkada 195 nafar bitiruvchini ish bilan ta’minlash bo‘yicha uch tomonlama shartnomalar tuzildi.

Bahriddin XONKELDIYEV.