Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahri aholisiga 130 ta avtobus xizmat ko‘rsatmoqda

Samarqand shahrida aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, shu paytgacha 53 yo‘nalishda 441 ta avtobus yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi. Ammo bugungi kunda yo‘lovchilar oqimining keskin kamayishi sababli yo‘nalishga chiquvchi avtobuslar ham qisqartirildi.

24 mart holatida jamoat transporti sohasida faoliyat yuritayotgan 18 ta korxonadagi avtobuslarning 130 tasi Samarqand shahrida yo‘lovchilarga xizmat qilmoqda. Buning natijasida yo‘nalishlarda belgilangan oraliq intervallar vaqtincha uzaytirildi.

Yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlarining ko‘rsatmalari bo‘yicha barcha avtobuslar yo‘nalishga chiqarilishidan oldin soat 4:00 dan boshlab dezinfeksiya qilinmoqda.

Bundan tashqari, Samarqand shahri va tumanlarda joylashgan avtovokzallar, avtoboshbekatlar va avtobuslarning so‘nggi bekatlarida har 4 soatda zararsizlantirish profilaktikasi olib borilmoqda. Yo‘nalishsiz taksilarda ham belgilangan tartibda va vaqtda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.