Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda gaz portlashi oqibatida uy bekasi halok bo‘ldi

2019 yilning 29 oktyabr kuni soat 08:17 da Samarqand shahri Zafar ko‘chasida joylashgan 4-uyning 7-xonadonida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabariga ko‘ra, hodisaga 2 ta yong‘in o‘chirish texnikalari jalb etilgan. Voqea joyiga 5 daqiqada yetib borgan yong‘in o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in soat 08:25 da o‘rab olingan va soat 08:50 da bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida yashash uyi oshxonasining 15 kvadrat metr maydonida ichki jihozlari yonib zararlangan. Yong‘inni bartaraf etish vaqtida 1952 yilda tug‘ilgan uy bekasi R.G.ning kuygan holda jasadi topilgan.

Hodisaning kelib chiqish sababi yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilganda, yuqorida ko‘rsatilagan manzilda gaz uskunalarini o‘rnatish qoidalari bo‘zilganligi ma’lum bo‘lgan.

Taxminiy xulosaga ko‘ra, yong‘in xonaga to‘planib qolgan tabiiy gaz hidini sezmagan uy bekasining elektr tarmog‘idan foydalanishi oqibatidagi uchqun chaqnashidan sodir bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.