Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari oshdi

2019-2020 o‘quv yilida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 1 225 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabini 53 583 nafar o‘quvchi bitirdi.  Bitiruvchilarning 2 187 nafari kasb-hunar texnikumlariga, 46 528 nafari oliy ta’lim muassasalari (OTM)ga hujjat topshirdi. Maktab bitiruvchilarining 4 596 nafari esa tadbirkorlik va turli doimiy ish bilan shug‘ullanish istagini bildirdi.

Bugungi kunda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan maktablar kesimida bitiruvchilarning OTMga o‘qishga kirganligi holati tahlil qilinmoqda. 2020 yil 5 oktyabr holatiga ko‘ra, bitiruvchilarning 5 700 nafari oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Ularning 192 nafari xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.

Ayni paytga qadar olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra, Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 37 nafar bitiruvchisidan 30 nafari OTMga o‘qishga kirib, 81,1 foizni tashkil etdi. Oqdaryo tumanidagi 52-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 45 nafar bitiruvchisidan 31 nafari (68,9 foiz), Narpay tumanidagi 52-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 115 nafar bitiruvchisidan 61 nafari (53 foiz), Qo‘shrabot tumanidagi 75-maktab va Narpay tumanidagi 26-maktab bitiruvchilarining 50 foizi OTMga o‘qishga kirgan. Viloyatdagi 7 ta maktabning 40–49 foizdan ortiq bitiruvchisi, 24 ta maktabning 30–38 foizdan ortiq bitiruvchisi OTMga o‘qishga kirgan. Bitiruvchilarining 20–29 foizi o‘qishga kirgan maktablarning soni esa 84 tani tashkil qilmoqda.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarining OTMga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari o‘tgan o‘quv yili bilan qiyoslansa, ijobiy natijalarga erishilganini ko‘rish mumkin.

O‘tgan 2018-2019 o‘quv yilida viloyatdagi 1236 ta maktabni 30 983 nafar o‘quvchi 11-sinfni bitirib, ularning 2 556 nafari, ya’ni 8,2 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan. 2019-2020 o‘quv yilida esa OTMga hujjat topshirgan 46 528 nafar bitiruvchidan 5 736 nafari, ya’ni 12,3 foizi o‘qishga kirgan.

Bundan tashqari, o‘tgan o‘quv yilida 356 ta maktabdan birorta o‘quvchi OTMga o‘qishga kira olmagan bo‘lsa, 2019-2020 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 145 tani tashkil qilmoqda.

Bugungi kunda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarining OTMga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari tahlili maktab va tuman, shaharlar kesimida davom etmoqda. Yakuniy natijalarga ko‘ra, yuqoridagi ko‘rsatkichlar yanada ortishi kutilmoqda.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.