Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi elektr uzatish tarmoqlarida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda

Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori U.Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, bu ishlarga shu paytgacha 4 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Mazkur mablag‘ asosida manzilli dastur bo‘yicha 8 ta 35-110 kV kuchlanishli, 2 ming 883 ta 6-10/0,4 kV kuchlanishli transformator, 8 ming 301 kilometr past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 60 ta 35-110 kVli moyli o‘chirgichlar mukammal ta’mirdan chiqarilgan.

Kuz-qish mavsumida 14 ta podstansiyada zo‘riqish bilan ishlab turgan 16 ta transformatorni katta quvvatlisi (25-40 mVA)ga almashtirish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlangan.

Jumladan, Qo‘shrabot tumani “Zarmitan” podstansiyasidagi quvvati 6 300 kVA transformator o‘rniga 16 000 kVA, “Jo‘sh” podstansiyasidagi quvvati 2 500 kVA transformator o‘rniga 4 000 kVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Rohat” podstansiyasida quvvati 1 600 kVA transformator o‘rniga 2 500 kVAli transformator o‘rnatilgan.

Urgut tumani “Urgut-2” podstansiyasidagi quvvati 16 mVAli transformatorni 25 mVA, Ishtixon tumani “Ishonch” podstansiyasida 25 mVAli transformatorni 40 mVAliga almashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu ishlarga 12,8 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, viloyat bo‘yicha 825 ming 464 ta, shundan aholi iste’molchilariga 767 ming 698 ta va ulgurji iste’molchilarga 57 ming 766 ta ASKUE elektr hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar 674 784 dona (82,6%) ASKUE elektr hisoblagichlari o‘rnatilib, 151 680 ta elektr hisoblagichlarga buyurtma berilgan.