Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandlik hamshiralar qachon bayram qilishlarini aytdi

Qaysidir xorij davlatida tomirga emlashni faqat shifokorlargina amalga oshiradi, yana bir davlatda bir hamshira faqat ikki nafar bemorgagina qaraydi.

Ushbu faktlarning o‘zi mamlakatimizdagi hamshiralarning faoliyatiga baho bergandek. Negaki, bizda bemorning to‘liq sog‘ayishida hamshiraning roli juda katta ekanligi barchamizga yaxshi ma’lum.

E’tibor bering, yaxshi hamshira hech qachon e’tiborsiz qolgan emas. Aholi boshqa kasb egasi bo‘lgan qo‘shnilarini yaxshi tanimasa-da, hamshira qo‘shnisini yaxshi biladi va hurmatini joyiga qo‘yadi. Tibbiyot hamshiralarining mavqeini oshirishda hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham bu kasb egalari mehnatiga berilgan baho, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

- Keyingi yillarda o‘rta tibbiyot xodimlarining majburiy mehnatdan to‘liq ozod etilishi va faqat o‘z kasbi bilan mashg‘ulligi ularning ishi samaradorligini oshirishga imkon yaratdi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamshiralik ishi bo‘yicha bosh mutaxassisi, Respublika hamshiralar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari Sevil Rizayeva. – Bugun viloyatda faoliyat yuritayotgan 22 ming hamshiraning barchasi uzluksiz ta’lim olishi uchun davolash muassasalarida sharoit yaratilgan. Yaqinda esa barcha o‘rta tibbiyot xodimlari viloyat hamshiralar malakasini oshirish  markazi tomonidan tashkil etilgan koronavirus mavzui bo‘yicha onlayn o‘quv mashg‘ulotida qatnashdi.

Bugun SOVID-19 virusi mamlakatimizda tarqalishining oldini olishda o‘rta tibbiyot xodimlaridan ham mas’uliyat va tezkorlik bilan ish olib borish talab etilmoqda.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh hamshirasi Sohiba Mardonovadan koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolashda nechog‘lik tezkorlik va hozirjavoblik bilan ish olib borgani xususida so‘radik.

- Hozirda 206 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari viloyatimizdagi karantin hududlarida, qolaversa, koronavirus bilan kurashayotgan bemorlarni davolashda faoliyat olib bormoqda, – deydi S.Mardonova. – Aytish kerakki, shifokorlar singari hamshiralar ham bu vaziyatda sarosimaga tushib qolgani yo‘q. Sababi, ushbu shifoxonada mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari doimiy ravishda o‘ta xavfli kasalliklar bilan ishlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etib kelishadi. Bunday xastaliklar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro va mamlakat miqyosidagi seminarlarda ishtirok etgani to‘g‘risida sertifikatlari ham bor. Qolaversa, ushbu shifoxona xodimlari yuqumli kasalliklar bilan ishlashi hisobga olingan holda doimiy ravishda boshqa shifoxona xodimlariga nisbatan katta ehtiyotkorlik bilan faoliyat olib boradilar. Hozirga qadar birorta hamshira vazifasini bajarmasdan, undan bosh tortgan emas. Barchasi o‘z ishiga odatiy majburiyatday kirishmoqda. Shuning uchun bo‘lsa kerak, chetdan, boshqa tibbiyot muassasalaridan hamshiralar jalb qilishga hojat ham bo‘lmadi. 14 kun uyga bormay ish olib borayotgan xodimlarning oilasi holidan ham zarur bo‘lganda kasaba uyushmasi vakillari xabar olishmoqda.

Darvoqe, bu yil 12 may Xalqaro hamshiralar kuni har yilgiday tantanali tarzda nishonlanmadi. Hamshiralar o‘rtasida o‘tkazilayotgan tanlov ham koronavirus pandemiyasi sababli o‘tkazilmay qoldi. Hamshiralar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular ushbu virusdan qutulib olsak, shuning o‘zi biz uchun katta bayram bo‘lardi, deyishdi.

Hammamizni ana shunday bayramga yetkazsin!

Gulruh MO‘MINOVA.