Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandning turizm salohiyati Buyuk Britaniyada targ‘ib qilinadi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida Buyuk Britaniyaning Janubiy London Savdo palatasi ijrochi direktori Gerry Makdonax boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvda aytildi.

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sh.Yuldoshev viloyatimizda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning Savdo palatasi tajribalari, tadbirkorlar bilan ishlash mexanizmlari xususida fikr almashildi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimi, mehmonxona xizmatlarini takomillashtirish, turizmni rivojlantirish uchun soha xodimlarini Buyuk Britaniyaga malaka oshirishga yuborish masalalari muhokama qilindi.

– Aksariyat londonliklar yurtingiz haqida umumiy tasavvurga ega, ammo iqtisodiy salohiyati, turizm imkoniyatlari borasida ma’lumotga aytarli ega emas, – deydi Buyuk Britaniyaning Janubiy London Savdo palatasi ijrochi direktori Gerry Makdonax. – Tashrifimizdan asosiy maqsad ham Samarqandning turizm salohiyatini Buyuk Britaniyaga tanishtirish. Qolaversa, savdo sohasida keng hamkorlik aloqalarini o‘rnatish.

Uchrashuv davomida mazkur yo‘nalishda hamkorlik memorandumi imzolanishiga kelishib olindi. Mehmonlar Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.

Bahriddin XONKELDIYEV.