Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sayyor qabullarda odamlar bilan shunchaki uchrashilmayapti

Turli sohalarda uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, aholini qiynab kelayotgan muammolarga barham berishda aholi bilan bevosita muloqot va uchrashuvlar muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, mutasaddi rahbarlarning xalq bilan hamnafas bo‘lishi, ularning dardini tinglashi uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgan masalalarning yechilishiga yo‘l ochadi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Shodiyor Ahmedov Jomboy tumanining Nazar, Dehqonobod, Qoramo‘yin, Toyloq tumanining Sochak, Oqdaryo tumanining Uchtepa, Istiqlol, Miyonqol, Bulung‘ur tumanining Beshkuvi va Xo‘jabachcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida sayyor qabullar o‘tkazdi.

Sayyor qabullarda fuqarolardan yo‘llarni ta’mirlash, sog‘liqni saqlash, ichimlik suvi va suyultirilgan gaz ballonlari ta’minoti, elektr simyog‘ochlari va transformatorlarni almashtirish hamda boshqa bir qator masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi. Ta’kidlash joizki, ayrim masalalar joyida o‘z yechimini topgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlarga yo‘naltirildi.

Mazkur tadbirlar faqat uchrashuvlardangina iborat bo‘lib qolmasdan, hududlardagi kam ta’minlangan, nogironligi bor, imkoniyati cheklangan fuqarolarning xonadonlariga ham tashrif buyurib, ularning holidan xabar olindi. Yurtdoshlarimiz bilan dildan suhbat qurilib, ularni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganildi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va sovg‘a-salomlar ulashildi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.